Jahon | 08:15
2499
3 daqiqa o‘qiladi

BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi

Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) yaqin oylarda El-Nino iqlim hodisasi tufayli dunyo bo‘ylab haroratning yanada oshishi, kuchli qurg‘oqchilik, sel-suv toshqinlari va issiq to‘lqinlari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutaxassislar hukumatlar va aholini ehtimoliy ekstremal ob-havo hodisalariga tayyor turishga chaqirmoqda.

Foto: AP

El-Nino — Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida suv haroratining davriy ravishda me’yordan yuqori ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim hodisasi hisoblanadi. Odatda u 9 oydan 12 oygacha davom etadi va butun dunyo iqlimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lum qilishicha, hozirgi paytda okean suvlarining isishi El-Ninoning shakllanishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun–avgust oylarida dunyoning aksariyat hududlarida harorat o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

WMO bosh kotibi Selesta Sauloning ta’kidlashicha, El-Nino qurg‘oqchilik va kuchli yog‘ingarchiliklarni kuchaytirishi, shuningdek, quruqlik va okeanlarda issiq to‘lqinlari xavfini oshirishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirdanoq ehtimoliy kuchli El-Nino oqibatlariga tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, El-Nino ta’sirida Janubiy Amerikaning janubiy qismi, AQShning ayrim hududlari, Afrika mamlakatlari va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilik miqdori ortishi mumkin.

Aksincha, Avstraliya, Markaziy Amerika, Indoneziya hamda Janubiy Osiyoning ayrim qismlarida qurg‘oqchilik xavfi kuchayishi ehtimol qilinmoqda.

Shuningdek, Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida El-Nino tropik bo‘ronlar va kuchli dovullar shakllanishi uchun qulay muhit yaratishi mumkin.

Ekspertlar ekstremal issiqlikning sog‘liq uchun xavflariga ham e’tibor qaratmoqda. Issiq ob-havo chivin va kana orqali yuqadigan kasalliklarning kengayishiga, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxiralarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayrim milliy meteorologiya xizmatlari bu galgi El-Nino so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli hodisalardan biri bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. WMO bunga nisbatan ehtiyotkor yondashmoqda, ammo tashkilot tropik Tinch okeanida suvning yuza osti qatlamlari harorati me’yordan 6 daraja Tselsiydan ortiq yuqori ekanini qayd etdi.

Mutaxassislar fikricha, aynan shu katta issiqlik zaxirasi yaqin oylarda okean yuzasi haroratining yanada oshishiga va El-Nino ta’sirining kuchayishiga xizmat qilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid