Jahon | 18:06
1195
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati qisqartiriladi

Hozir migrantlar Rossiyaga kirgandan keyin 90 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Bu muddat 30 kungacha kamaytiriladi.

Foto: Sputnik

Rossiya migrantlar uchun tibbiy ko‘rik yoki tekshiruvdan o‘tish muddatini 90 kundan 30 kunga qisqartirmoqda. Ushbu o‘zgarishlar joriy yilning 1 sentabridan kuchga kiradi. Agar migrant 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tmasa, unga jarima solinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Tegishli tuzatishlar Rossiya parlamentining yuqori palatasi - Federatsiya Kengashi tomonidan ma’qullangan.
Vaqtincha yashash yoki ishlash uchun ruxsatnoma olish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiydir.
Hozir migrantlar Rossiyaga kirgandan keyin 90 kun ichida OIV kabi xavfli yuqumli kasalliklar yo‘qligini, shuningdek, giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik faktini tasdiqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, bu muddat 30 kungacha qisqartirilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiyada 30 kundan ortiq bo‘lgan migrantlar har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Shu paytgacha Rossiyaga uzoq muddatga (90 kundan ortiq) borgan mehnat migrantlari va chet el fuqarolari bunday tekshiruvdan faqat bir marta o‘tishi shart edi.
Tibbiy ko‘rik xarajatlari migrantning o‘zi yoki ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.
Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, tibbiy ko‘rik faqat vakolatli tibbiyot muassasalari tomonidan o‘tkazilishi mumkin va bu jarayonda vositachilar faoliyati taqiqlanadi.
Tekshiruv yakunlangach, sog‘liqni saqlashning yagona davlat axborot tizimiga kiritiladigan tibbiy xulosa (shu jumladan elektron shaklda) beriladi. Agar migrantda xavfli kasallik aniqlansa, tibbiy muassasa 24 soat ichida bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi va «Rospotrebnadzor»ni xabardor qilishi shart.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan chet el fuqarolari 25 mingdan 50 ming rublgacha jarimaga tortiladi va Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Bundan tashqari, jarima o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda uning miqdori ikki baravarga oshiriladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibiga rioya qilmagan, shu jumladan 30 kun ichida giyohvand moddani iste’mol qilish va xavfli yuqumli kasalliklar (ayniqsa OIV) bor-yo‘qligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tmagan migrantlar va chet el fuqarolari 25 ming rubldan 100 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Rossiya prezidenti imzolaganidan so‘ng, qonun 2026 yil 1 sentabrdan kuchga kirishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid