Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda Aleksandr Fedin barpo etgan bog‘ saqlab qolinadigan bo‘ldi
O‘rmonchining o‘ziga ham yordam ko‘rsatilishi va’da qilindi.
4 iyun kuni shoir va jurnalist Fozil Farhod ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Oqtepa» suv ombori yaqinidagi o‘rmonni barpo qilgan Aleksandr Fedinni ko‘rishga borgani, ammo o‘rmon undan olib qo‘yilgani, o‘zi viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida qolayotgani haqida xabar berib, jamoatchilikni bu holatga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Aleksandr Fedin 1959 yilda Tojikistonda tug‘ilgan, chaqaloqligida esa ota-onasi bilan Surxondaryoga ko‘chib kelgan. U Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetgan, o‘zbek tilida so‘zlashadi.
1986 yilda uning qarindoshlari Rossiyaga qaytgan, o‘zi esa Jarqo‘rg‘onda qolgan.
Fedin 1989 yilda Jarqo‘rg‘onda davlatdan 4 gektar yer olgan. Qattiq va tashlandiq joyga daraxt ekib, bog‘ qilgan. Shundan keyin unga yana 80 gektar yer berilgan.

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘rmonzorda 30 turga yaqin jonivor, 500 turdan ortiq daraxt mavjud (shulardan 50 turdagi daraxt va 12 turdagi hayvon «Qizil kitob»ga kiritilgan). Bundan tashqari, Fedin o‘sha yerda «Oqtepa» ov xo‘jaligi faoliyatini ham yo‘lga qo‘ygandi.

2023 yilda Fedin «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
2025 yil avgustida esa prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, «Oqtepa» ov xo‘jaligi rahbari sifatida «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Fozil Farhodning hikoya qilishicha, 2025 yil oktyabrida Fedin o‘z o‘rmonidan chiqarib yuborilgan va hudud harbiylarga o‘tib ketgan, u yerni ijaraga olgan shaxs dam olishga keluvchilardan to‘lov undira boshlagan.

Shundan keyin jurnalist Fedinni ko‘rish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Surxondaryo viloyati filialiga yo‘qlab borgan.
«Fedin bilan gaplashdim. Kitobga qo‘lxat yozib berdim. Xursand bo‘ldi. Qarovchilarga u noyob odam, yaxshi qaranglar dedim. U ruhiy kasal emas. O‘rmonidan ketkazishgani unga ta’sir qilgan. Hozir do‘xtirlar uni olib ketinglar deyapti. Ammo u boradigan joy yo‘q. Oxirgi paytlarda u ovchi do‘stlarining uyida yashagan», – deydi Fozil Farhod.
Aleksandr Fedin bilan bog‘da birga ishlagan Abrahmat Allanazarovning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, oxirgi vaqtlarda Fedin Abrahmat va Rinat ismli yana bir ovchining uyida galma-gal yashab kelgan.
«2025 yil xotini bilan ajrashgani va o‘rmonni tortib olishganidan keyin sog‘lig‘ida o‘zgarishlar bo‘lgandek tuyildi. Biroq bu voqealar uning ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazgan deb aniq aytolmayman», – deydi suhbatdosh.
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Surxondaryo viloyati filiali ma’muriyati «Kaftarxona»da davolanayotgani aytilayotgan Fedin haqida ma’lumot bergan.

Unga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani Ulug‘bek MFYda yashovchi Fedin Aleksandr Grigorevich «uyqusi buzilgani, gap-so‘zlari o‘zgargani, o‘ziga qaramay qo‘ygani, sababsiz ko‘p janjal qilgani, ko‘chalarda sababsiz chiqib ketib, daydib (!) yurgani» sababli 2026 yil 8 yanvar kuni Jarqo‘rg‘on tumani psixiatrining yo‘llanmasi hamda Jarqo‘rg‘on tumani IIBning aloqa xatiga asosan Termizdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.
«Tekshiruv jarayonida muloqotga kirishi sust, savollarni tez anglab ololmaydi. Gapirmoqchi bo‘lgan gapini eslolmay, qarab turaveradi. Kayfiyati o‘zgaruvchan. Fikrlari mazmunan sayoz, diqqatini jamlab ololmaydi, xotirasi pasaygan. Vaqtga nisbatan oriyentikasi buzilgan. Hayoti, oila a’zolari haqida kam ma’lumot beradi, eslolmaydi. Bemorning ruhiy xolatiga asosan noaniq etiologiyali demensiya tashxisi qo‘yilgan va 8 yanvardan 17 fevralgacha statsionar sharoitda yotib davolangan», – deyiladi shifoxona ma’lumotnomasida.
Tibbiyot markazi rahbariga ko‘ra, Aleksandr Fedin 2026 yil 8 aprel kuni yuqoridagi holatlar qayta kuzatilgani sababli ikkinchi marotaba shifoxonaga olib kelingan va bugungi kunga qadar (5 iyun) davo muolajalari olib borilgan.
Fozil Farhod esa «u ruhiy kasal emasligi, o‘rmonini tortib olishgani unga qattiq ta’sir qilgani, xayoli biroz parishon bo‘lib qolgani»ni aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar Fedinning ovchi do‘stlariga uni muruvvat uyiga yuborish to‘g‘riroq ekanini ta’kidlashgan.
Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingach, 6 iyun kuni bu masalaga Prezident administratsiyasi hamda uning huzuridagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan e’tibor qaratildi.
«Hozirgi vaqtda Aleksandr Fedin Termiz shahridagi tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga joylashtirilgan va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Uni munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, uni qo‘mita huzuridagi O‘rmon agentligi tizimiga ishga joylashtirish choralari ko‘riladi», – deyiladi Ekologiya qo‘mitasi bergan xabarda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham Fedinni borib ko‘rgan.

Qo‘mita Fedin tomonidan yaratilgan bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirishga doir hujjat tayyorlanayotganini ta’kidlagan. Shunga ko‘ra, hudud jamoatchilik uchun ochiq ekologik park sifatida tashkil etilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, kelgusida hudud negizida jamoatchilik bog‘i tashkil etilib, uning noyob tabiiy merosi saqlanishi va yanada boyitilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
13:33 / 08.06.2026
Surxondaryoda ham IIB xodimi voyaga yetmagan qizning nomusiga tegishda gumonlanmoqda
09:45 / 08.06.2026
Surxondaryodagi mashhur bog‘ Ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi
08:51 / 03.06.2026
Surxondaryoda suv omborida qayiq ag‘darilishi oqibatida bir fuqaro cho‘kib ketdi
22:52 / 22.05.2026