Jahon | 09:30
1497
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashington va Tehron o‘rtasida erishiladigan har qanday tinchlik kelishuvini qabul qilishga majbur bo‘lishini bildirdi. Bu haqda u Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

Trampning ta’kidlashicha, Eron bilan bog‘liq muhim qarorlar AQSh tomonidan qabul qilinmoqda va bu jarayonda hal qiluvchi so‘z Vashingtonga tegishli.

«Barcha qarorlarni men qabul qilaman. U (Netanyahu) qaror qabul qilmaydi», — dedi AQSh prezidenti.

Intervyu Isroil hududiga Eron tomonidan raketa hujumi amalga oshirilgani haqidagi xabarlar ortidan e’lon qilindi. Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi mazkur hujumni Livandagi «Hizbulloh» obektlariga Isroil tomonidan berilgan zarbaga javob sifatida «ogohlantirish» deb atagan.

Shunga qaramay, Tramp Eronning so‘nggi harakatlari Vashingtonning diplomatik yo‘l orqali kelishuvga erishish rejalarini o‘zgartirmasligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa hujumlari tinchlik muzokaralariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

«Bu kelishuvga hech qanday ta’sir qilmaydi. Vaziyat qanday rivojlanishini kuzatamiz. Ammo bu hujumlar amalda hech qanday natija bermadi», — dedi Tramp.

Ayni paytda Oq uy rahbari agar diplomatik muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, AQSh yana harbiy kuch ishlatish imkoniyatini ham istisno qilmasligini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyi oxirida AQSh va Eron muzokarachilari qurolli qarama-qarshilikni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv loyihasiga yaqinlashgan. Axios nashri amerikalik mansabdorlarga tayanib, tomonlar muayyan masalalar bo‘yicha umumiy tushunchaga kelganini xabar qilgan edi.

Biroq hozircha yakuniy kelishuv imzolangani yo‘q. Vashington Tehrondan yadroviy qurol yaratish dasturidan butunlay voz kechishni asosiy shartlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

Eron rasmiylari ham AQSh bilan urushni to‘xtatish va munosabatlarni barqarorlashtirish bo‘yicha yakuniy kelishuvga hali erishilmaganini ma’lum qilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi munosabatlar Yaqin Sharqdagi xavfsizlik muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois Vashington va Tehron o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid