Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Fransiya Isroilning o‘ta o‘ng qarashlarga ega moliya vaziri Betsalel Smotrichga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Rasmiy Parij uni G‘arbiy sohildagi zo‘ravonliklarni kuchaytirish va Falastin hududlarini anneksiya qilish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda.
Fransiya 9 iyun kuni Isroil moliya vaziri, “Diniy sionizm” partiyasi rahbari Betsalel Smotrichning mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barroning ma’lum qilishicha, cheklovlar nafaqat Smotrichga, balki G‘arbiy sohildagi isroillik ko‘chmanchilarning to‘rt nafar yetakchisi hamda mahalliy aholiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani aytilgan yana 21 nafar shaxsga nisbatan ham qo‘llanilgan.
Barroning ta’kidlashicha, Smotrich G‘arbiy sohilni Isroilga qo‘shib olish (anneksiya qilish), G‘azo sektorini qaytadan yahudiy ko‘chmanchilar bilan o‘zlashtirish hamda Falastin milliy ma’muriyatini iqtisodiy jihatdan zaiflashtirish siyosatini faol targ‘ib qilib kelmoqda.
Fransiya tashqi ishlar vaziri bu kabi siyosat xalqaro hamjamiyatning aksariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydigan yondashuv ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Parij ikki davlat — Isroil va Falastin davlatlari asosidagi yechim tarafdori bo‘lib qolmoqda.
G‘arbiy sohildagi vaziyat xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lmoqda
So‘nggi oylarda G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan falastinliklarga qarshi hujumlar ko‘paygani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ham bu kabi hujumlarni qoralagan.
Isroil so‘nggi o‘n yilliklar davomida G‘arbiy sohilda o‘nlab yahudiy aholi punktlarini barpo etgan. 2025 yil avgust oyida mamlakat hukumati Quddus yaqinida yangi ko‘chmanchilar posyolkalarini qurish loyihasini ma’qullagan edi.
O‘shanda Betsalel Smotrich mazkur reja mustaqil Falastin davlatini tashkil etish imkoniyatini “ko‘mish” uchun xizmat qilishini ochiq aytgan.
Italiyada yana bir isroillik vazirga qarshi ish ochildi
Bu orada Italiya prokuraturasi Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi tergov boshlagan.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, u G‘azo sektoriga humanitar yordam yetkazish maqsadida yo‘lga chiqqan “Sumud” flotiliyasi tarkibidagi italiyalik faollarni o‘g‘irlash va qiynoqqa solishda gumon qilinmoqda.
Ben-Gvir ayblovlarni rad etar ekan, tergovdan qochmasligini bildirgan. Shu bilan birga, u Italiya haqida haqoratomuz bayonotlar bergani uchun mamlakat tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani tomonidan keskin tanqid qilindi.
“Sumud” flotiliyasi atrofidagi mojaro
“Sumud” humanitar flotiliyasi 18 may kuni G‘azo sektoriga yo‘l olgan vaqtda Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan xalqaro suvlarda to‘xtatilgan.
Isroil rasmiylari dengiz blokadasini yorib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishni HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlash sifatida baholashini bildirgan.
Mojaro ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan keyin kuchaydi. Unda flotiliya faollari qo‘llari orqaga bog‘langan holda tiz cho‘kib turgani, Ben-Gvir esa Isroil bayrog‘ini ko‘tarib ularning orasida yurgani aks etgan.
Shundan so‘ng Fransiya Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan ham mamlakatga kirish taqiqini joriy etgan.
Mavzuga oid
09:13 / 09.06.2026
«Bibi, ehtiyot bo‘l, aks holda mutlaqo yolg‘iz qolasan» – Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi
11:00 / 08.06.2026
Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona
09:30 / 08.06.2026
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
09:20 / 08.06.2026