Jamiyat | 09:15
2821
2 daqiqa o‘qiladi

Terrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi

O‘zbekistonning bir nechta hududlarida yashovchi 8 nafar fuqaro Suriyadagi terroristik tashkilot faoliyatini moliyalashtirgani uchun sud tomonidan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolariga hukm qilindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan Ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida terrorizmni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi, 1987–1998 yillarda tug‘ilgan 8 nafar fuqaro Suriyadagi «G‘uroba katibasi» terroristik tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy-psixologik ta’siriga tushib, unga tegishli hisob raqamlariga pul o‘tkazib kelgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «Saad Muxtor» taxallusi bilan tanilgan mazkur shaxs «Telegram» messenjeri orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga yordam berish bahonasida xayriya mablag‘lari yig‘gan. Biroq to‘plangan mablag‘lar aslida Suriyadagi terrorchi guruhlar ehtiyojlari uchun sarflangan.

Sud hukmiga muvofiq, qonunbuzarlarning yetti nafari 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. Yana bir nafar shaxsga esa 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga ko‘ra, terrorizmni moliyalashtirish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonmaslikka chaqirib, mablag‘ o‘tkazishdan oldin ularning haqiqiy maqsadi va qonuniyligini tekshirish zarurligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid