Texnologiya | 10:06
531
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh AI tahdidlari sabab kiberxavfsizlik talablarini kuchaytirdi

AQSh hukumati sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilayotgan kiberhujumlar xavfi ortishi fonida davlat idoralari uchun kiberxavfsizlik talablarini keskin kuchaytirdi. Endi federal muassasalar eng xavfli dasturiy nuqsonlarni uch kun ichida bartaraf etishi shart bo‘ladi.

Foto: Greg Nash

AQShning Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) tomonidan qabul qilingan yangi ko‘rsatmaga muvofiq, davlat tashkilotlari axborot tizimlarida aniqlangan eng xavfli zaifliklar uch kalendar kuni ichida bartaraf etilishi, o‘chirib qo‘yilishi yoki internetdan ajratilishi lozim.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy sun’iy intellekt modellari xakerlarga dasturiy nuqsonlarni avvalgidan ancha tez aniqlash va ulardan foydalanish imkonini bermoqda. Natijada himoyachilarda xavfsizlik muammolarini bartaraf etish uchun vaqt keskin qisqarmoqda.

Yangi qoidalarga ko‘ra, ommaviy tarmoqqa ulangan, ekspluatatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan va avtomatlashtirilgan hujumlar uchun qulay zaifliklar eng yuqori xavf toifasiga kiritiladi. Bunday holatlarda davlat idoralari nafaqat nuqsonni bartaraf etishi, balki tizim buzilgan-buzilmaganini ham tekshirishi kerak bo‘ladi.

Avvalgi tartibda muhim zaifliklarni bartaraf etish uchun 15 kungacha vaqt berilgan edi. Yangi yondashuv esa AI vositalari sabab kibertahdidlar tezlashib borayotgan sharoitda davlat tizimlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

CISA vakillari bu qaror sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ommaviy kiberhujumlarga qarshi birinchi muhim qadam ekanini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid