Jamiyat | 09:04
678
2 daqiqa o‘qiladi

Tashkilotlar korporativ pochtalariga kiberhujumlar kuzatilmoqda

Kiberxavfsizlik markazi so‘nggi kunlarda ayrim oliy ta’lim muassasalari va davlat tashkilotlari xodimlariga tegishli korporativ elektron pochta hisoblari ruxsatsiz egallab olinayotgani haqida ogohlantirdi. Ushbu hisoblar orqali respublika bo‘ylab tashkilotlarga zararli havolalar va fayllar tarqatilmoqda.

Foto: Fotolia

Markazning UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida korporativ elektron pochta hisoblarining buzilishi bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangan.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar xodimlarning ishonchliligi tasdiqlanmagan internet-resurslarda korporativ elektron pochta manzillari orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda kibergigiyena qoidalariga to‘liq amal qilmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ruxsatsiz egallab olingan elektron pochta hisoblari orqali 50 dan ortiq tashkilotga ommaviy xabarlar yuborilgan. Ularda zararli dasturlar yoki tashkilotlarning axborot infratuzilmasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan havolalar joylashtirilgan.

Mutaxassislar bunday xatlar rasmiy yozishmalarga o‘xshash ko‘rinishda yuborilayotgani sababli foydalanuvchilar tomonidan ishonchli deb qabul qilinishi va zararli havolalar ochilishi xavfi yuqori ekanini ta’kidlamoqda.

Shu munosabat bilan tashkilotlar va ularning xodimlariga elektron pochta xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, shubhali havolalar va fayllarni ochmaslik, shuningdek ko‘p faktorli autentifikatsiyadan foydalanish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid