Avto | 10:08
602
2 daqiqa o‘qiladi

Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi

Yevropada yonilg‘i narxlarining keskin oshishi elektromobillarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada kuchaytirmoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari elektr transport vositalariga buyurtmalar keskin ko‘payganini ma’lum qildi.

Foto: gruppa Renault

So‘nggi oylarda Yaqin Sharqdagi mojarolar va neft bozoridagi beqarorlik oqibatida benzin hamda dizel yonilg‘isi narxlari o‘sdi. Bu esa ko‘plab yevropaliklarni avtomobil tanlashda xarajatlarni qayta hisoblashga undadi. Natijada elektromobillar ham yangi, ham ikkinchi qo‘l bozorida yanada ommalashmoqda.

Fransiyaning Renault kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron atrofidagi mojaro boshlanganidan buyon Fransiya va Germaniya kabi yirik bozorlarda elektromobillarga buyurtmalar hajmi 50 foizgacha oshgan. Kompaniya ortib borayotgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Tahlilchilarning qayd etishicha, elektr energiyasida harakatlanish xarajatlari benzin va dizelga nisbatan ancha arzon bo‘lib qolmoqda. Shu bois iste’molchilar nafaqat ekologik omillarni, balki iqtisodiy manfaatni ham hisobga olgan holda elektromobillarga o‘tishni tezlashtirmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida Yevropada to‘liq elektrli avtomobillar savdosi qariyb 1 million donaga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga ko‘pdir. Ayrim mamlakatlarda o‘sish sur’ati bundan ham yuqori bo‘lgan.

Mutaxassislar yonilg‘i narxlari barqarorlashgan taqdirda ham elektromobillarga qiziqish yuqori darajada saqlanib qolishini va Yevropa avtosanoatida elektrlashtirish jarayoni yanada tezlashishini prognoz qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid