Jahon | 18:05
1752
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron muzokaralari qanday ketyapti?

AQSh va Isroil birgalikda Eron Islom Respublikasiga 28 fevralda hujum qilganidan buyon, shu kunga qadar Donald Tramp jami 38 marta “Biz Eron bilan kelishuvimizga juda oz qoldi” deb aytgan. Amalda esa so‘nggi kunlarda tomonlar yana qaytadan eskalatsiya tomon ketayotgandek bo‘lyapti.

Yaqinda Eron AQShning Apache rusumli harbiy vertolyotini urib tushurdi. Askarlar qutqarilgan, hech kim o‘lmagan yoki jarohatlanmagan. Bunga javoban AQSh ham “biz javob zarbalari beramiz” deya, Eronning Bandar-Abbos shahri atrofidagi yigirmaga yaqin nishonlarga hujum qilgan. Eron tarafi esa, bu hujumlarni yutmaslik, “qo‘rqib qolgandek” ko‘rinmaslik uchun Bahrayn, Iordaniya va Qatardagi Amerika obektlariga hujum qilgan.

Mana shu fonda AQSh va Eron muzokaralari uzilmagan, aksincha, yanada jadallashgan. New York Times gazetasining ma’lum qilishicha, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar markazida Eronning yadro dasturi turibdi. Gazetaning yozishicha, tomonlar kelishuvga ancha yaqin va quyidagi nuqtalar borasida ma’lum kelishuvlarga erishilgan:

  • Eron o‘zining uranini 15 yil mobaynida boyitmasligi kerak. AQSh 20 yil so‘ragan, Eron 10 taklif qilgan, o‘rtada 15 yilga kelishilgan.

  • Boyitilgan uran Eronning o‘zida qolishiga AQSh rozi bo‘lgan. Biroq, AQSh talabi bilan Erondagi uchta uranni boyitish markazlaridan faqat bittasi qolishi kerak, u ham bo‘lsa – Isfahon. Fordo va Natanz uranni boyitish markazlarini yopish talab qilinyapti.

  • Isfahondagi uranni boyitish markazi faoliyati xalqaro tashkilotlar, jumladan, AEXA nazorati ostida amalga oshirilishi kerak, biroq bu markaz yerning ostidan yerning ustiga olib chiqilishi talab qilinmoqda. Tabiyki, bunga Eron qarshi, AQSh esa bu markazni zarurat bo‘lganda bombalash oson bo‘lishi uchun shunday shart qo‘yayotgani ma’lum.

  • Eronga Isfahondagi yadroni boyitish markazi qoldirilishidan maqsad – rasmiy Tehron o‘z xalqiga “biz uranni boyitish huquqini saqlab qoldik – g‘alaba qildik” deyishi uchun.

Kelishuv punktlaridan ko‘rinadiki, tomonlar kompromiss izlamoqda. Eron AQShning imkoniyatlari cheklanib borayotganini his qilmoqda va muzlatilgan mablag‘lar qaytarilishi, sanksiyalar yechilishi kabi iqtisodiy shartlarni qo‘ymoqda. Bu shartlarni AQSh qabul qilishi ehtimoli yuqori, aks holda Eron yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi mumkin.

Keyingi kunlardagi eskalatsiya fonida Tramp Isroil bosh vaziri Netanyahuga telefon qilib, “Eronga javob zarbalari yo‘llamang, axir bu safar Isroilda hech kim qurbon bo‘lmadi, o‘lmadi” deya talab qildi. Tabiiyki, Netanyahu Trampga quloq solishga majbur. Bu – ikki ittifoqchi davlatning ichki o‘yin qoidasi. Qoidaga ko‘ra, Vashington Isroilga cheksiz qurol-aslaha yetkazib beradi, BMT Xavfsizlik Kengashida o‘z vetolari bilan Isroilni himoya qiladi, cheksiz moliyaviy qo‘llaydi. Lekin vaqti kelganda, AQSh Isroildan “jim bo‘lishni” talab qiladi. Misol uchun, 1973 yilgi urushda, Misrga yeki Iroqqa qarshi urushlarda AQSh Isroilga “jim bo‘lishni” ko‘p marta buyurgan. Isroilning ortiqcha hujumlari AQShning arab ittifoqchilari va koalitsiyasini buzib yuborish ehtimoli paydo bo‘lganda, Vashington shu talabni qo‘yadi.

Biroq bugun AQSh jamoatchiligida ham, Isroil ijtimoiy fikrida ham ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik zararli yoki xavfli ekani borasidagi fikrlar ancha kuchaygan. Trampning tanqidchilari “AQSh Isroilning qo‘g‘irchog‘i bo‘lib qoldi” deyishsa, Isroildagi Netanyahu tanqidchilari “biz AQShning 51-shtati bo‘lib qoldik, mustaqillikni yo‘qotdik” deya istehzo qilishadi.

Dunyo ekspertlari va siyosiy doiralari nazarida, Tramp va Netanyahuning uzoqni o‘ylamay qilgan Eronga zarbalari va urushi oqibatida, rasmiy Tehron mintaqada shakllanayotgan yangi qudrat markazi sifatida talqin qilina boshlayapti. Shu paytgacha Eron “mintaqaning kasal odami”, “mintaqadagi eng zaif davlat”, “qog‘ozdan qurilgan qo‘rg‘on” degan qarashlar keng yoyilgandi. Biroq AQSh bilan muzokaralarda, Eron kelishuv izlayotgan emas, balki ko‘proq shart qo‘yayotgan davlat maqomida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa AQSh va Isroilning Eronni zaiflashtirish, yiqitish, mag‘lub qilish borasidagi resurslari mutlaq cheklanganini anglatadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid