Texnologiya | 10:03
1143
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask 55 milliard dollarlik Terafab loyihasini ilgari surmoqda

Ilon Mask sun’iy intellekt va yuqori hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida Terafab nomli ulkan yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish majmuasini qurish rejasini taqdim etdi. SpaceX, Tesla va xAI ishtirok etayotgan loyihaning dastlabki qiymati 55 milliard dollarga baholanmoqda.

Foto: Reuters

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Mask Niderlandiyaning chip ishlab chiqarish uskunalari bo‘yicha yetakchi kompaniyasi ASML tadbirida Terafab haqida batafsil ma’lumot berishi kutilmoqda. Loyiha kelajakda Tesla elektromobillari, Optimus humanoid robotlari, sun’iy intellekt tizimlari va SpaceX infratuzilmasi uchun chiplar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Ma’lum qilinishicha, Terafab Texas shtatida barpo etiladi. Dastlabki bosqichda tadqiqot va prototiplashtirish fabrikasi tashkil qilinib, keyinchalik to‘liq masshtabli ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Loyihaning umumiy qiymati keyingi bosqichlarda 119 milliard dollargacha yetishi mumkin.

Terafabʼning asosiy maqsadi tashqi chip ishlab chiqaruvchilarga qaramlikni kamaytirish hisoblanadi. Maskning ta’kidlashicha, uning kompaniyalari uchun sun’iy intellekt va hisoblash quvvatiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgi global chip bozori imkoniyatlaridan ancha yuqori. Shu bois Tesla, SpaceX va xAI kelajakda zarur chiplarning katta qismini mustaqil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Loyihada Intel ham ishtirok etishi aytilmoqda. Kompaniya Terafab uchun o‘zining yangi avlod 14A texnologik jarayonini taqdim etishi mumkin. Shuningdek, ASML ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali litografiya uskunalari ham zavod faoliyati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Tahlilchilar fikricha, Terafab amalga oshsa, u nafaqat Mask kompaniyalarining ehtiyojini qoplaydi, balki AQShning yarimo‘tkazgichlar sohasidagi mustaqilligini kuchaytirishga ham hissa qo‘shishi mumkin. Ayni paytda loyiha yuqori xarajatlari va texnik murakkabligi sababli texnologik sanoatdagi eng katta tashabbuslardan biri sifatida baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid