Sog‘lom hayot | 09:20
1138
3 daqiqa o‘qiladi

Saratonga qarshi kurashning yangi bosqichi: milliy dastur joriy etiladi

O‘zbekistonda onkologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash, davolash samaradorligini oshirish hamda palliativ yordam tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshiriladi. 2027 yildan boshlab saratonga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik va gematologik tibbiy yordam, shuningdek palliativ xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda saraton kasalliklarining oldini olish, ularni erta bosqichda aniqlash va xalqaro standartlar asosida davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Rejaga ko‘ra, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlari bilan qamrov kamida 60 foizga yetkaziladi. Shuningdek, saraton tashxisi qo‘yilgan bemorlar orasida 5 yillik yashash ko‘rsatkichini amaldagi 35 foizdan 45 foizgacha oshirish maqsad qilingan.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun 2027 yildan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligini oshirish, ularni kasalliklarning dastlabki belgilari bo‘yicha qayta tayyorlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltirish tizimi kuchaytiriladi.

Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida yangi klinik qo‘llanmalar qabul qilinib, onkologiya sohasida multidissiplinar yondashuv joriy etiladi. Bu esa bemorga bir vaqtning o‘zida bir nechta mutaxassis ishtirokida tashxis qo‘yish va davolash imkonini beradi.

Taqdimotda palliativ va xospis yordamini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2030 yilga qadar aholining bunday xizmatlar bilan qamrovini 80 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.

2026 yil 1 sentabrdan respublikada palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi joriy etiladi. Bunda tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiya qilinib, bemorlarni aniqlash, hisobga olish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, mobil palliativ brigadalar tashkil etilib, og‘ir bemorlarga uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha hududlarda bosqichma-bosqich xospis muassasalari tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Taqdimot yakunida davlat rahbari onkologik va gematologik yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish, zamonaviy tashxislash va davolash texnologiyalarini keng joriy etish hamda belgilangan vazifalarning sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid