Jahon | 08:35
2242
4 daqiqa o‘qiladi

Transakva: Afrika xaritasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan megaloyiha

Afrikadagi eng yirik muhandislik loyihalaridan biri sanaladigan “Transakva” tashabbusi Kongo daryosining bir qism suvini Chad ko‘liga burish orqali millionlab odamlarni suv tanqisligi, qashshoqlik va migratsiyadan qutqarishni maqsad qilgan. Ammo loyiha qariyb 40 yildan beri amalga oshmay kelmoqda.

Foto: Bonifica

Chad ko‘li Afrikaning markaziy qismida, Chad, Nigeriya, Niger va Kamerun chegaralari tutashgan hududda joylashgan. 1960-yillarda uning maydoni 25 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi o‘n yilliklarda bu ko‘rsatkich 90 foizga qisqarib, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra 1 350–2 000 kvadrat kilometrgacha tushib ketgan.

Mutaxassislar bu holatni iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi va suv iste’molining ortishi bilan izohlamoqda.

Bugungi kunda ko‘l atrofida 40 millionga yaqin aholi yashaydi. Ularning aksariyati baliqchilik va qishloq xo‘jaligi hisobidan tirikchilik qiladi. Suvning chekinishi esa minglab oilalarning yashash manbai yo‘qolishiga sabab bo‘lgan.

Shu bois 1980-yillarda Italiyaning Bonifica kompaniyasi “Transakva” deb nomlangan ulkan loyihani ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, dunyoda suv oqimi bo‘yicha Amazonkadan keyingi ikkinchi yirik daryo hisoblanuvchi Kongo daryosining ayrim irmoqlaridan suv olinib, 2 400 kilometrlik kanal orqali Chad ko‘liga yo‘naltiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati taxminan 50 milliard dollarga baholangan. Uni sakkizta Afrika davlati hamda Xitoy qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tashabbus mualliflari bu kanalni oddiy suv inshooti emas, balki butun mintaqaning iqtisodiy rivojlanish “umurtqa pog‘onasi” sifatida ko‘radi. Loyiha doirasida yuz minglab gektar yerlarni sug‘orish, gidroenergetik obektlar qurish va dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlarni Atlantika okeani bilan bog‘laydigan suv yo‘lini yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tarafdorlar suvning qaytishi ish o‘rinlari yaratishi, qashshoqlikni qisqartirishi va qurolli guruhlar faoliyati uchun qulay muhitni yo‘q qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Biroq loyiha qator muammolarga duch kelmoqda. Eng asosiysi — Kongo Demokratik Respublikasining qarshiligi. Kanalning katta qismi aynan ushbu davlat va Markaziy Afrika Respublikasi hududidan o‘tishi kerak.

Kongo rasmiylari mamlakat aholisining katta qismi haligacha toza ichimlik suviga ega emasligini ta’kidlab, o‘z suv resurslarini boshqa hududlarga yo‘naltirish g‘oyasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Bundan tashqari, ekologlar Kongo havzasidan suv olib ketish dunyodagi eng boy bioxilmaxillikka ega ekotizimlardan biriga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Muhandislar keyinchalik arzonroq va soddaroq variantlarni ham taklif qilgan. Masalan, Ubangi yoki Kotto daryolari orqali suv yetkazish g‘oyalari muhokama qilingan. Ammo bu tashabbuslar ham amalga oshmagan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, suv davlat chegaralarini kesib o‘tgan paytdan boshlab masala muhandislik yechimi emas, balki siyosiy, iqtisodiy va geosiyosiy muammoga aylanadi.

Shu tariqa, “Transakva” bir tomondan millionlab insonlar hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ulkan loyiha bo‘lsa, ikkinchi tomondan Afrikadagi eng murakkab va bahsli infratuzilma tashabbuslaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid