Sog‘lom hayot | 14:05
945
4 daqiqa o‘qiladi

Juda issiq ob-havo homiladorlikka qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yoz oylarida sodir bo‘ladigan muddatidan oldingi barcha tug‘uruqlarning 1,41 foizi yuqori harorat bilan bog‘liq. O‘rtacha darajadagi issiq kunlarda bu xavf 2,8 foizga, o‘ta issiq kunlarda esa 3,8 foizga oshadi.

Yangi tadqiqot natijalari homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar yuqori haroratga sezgir ekanini ko‘rsatmoqda. Ta’kidlanishicha, issiq ob-havo muddatidan oldin tug‘uruqni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ekologik omillardan biri hisoblanadi.

Ilmiy tadqiqot xulosasi Environment International jurnalida chop etildi. Unda 1979–2019 yillar oralig‘ida 13 davlatning 250 ta shahri va aholi punktida yoz mavsumida kuzatilgan 36,6 million tug‘uruq tahlil qilindi.

Tadqiqot o‘tkazilgan davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Paragvayda qayd etilgan: bu yerda issiq mavsumda har bir million tug‘uruqqa 1347 ta muddatidan oldin tug‘uruq to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi o‘rinda AQSh bo‘lib, har million tug‘uruqda 1289 ta muddatidan oldin tug‘uruq kuzatilgan. Uchinchi o‘rin esa Braziliyaga tegishli bo‘lib, bu ko‘rsatkich har million tug‘uruqqa 1174 tani tashkil etgan.

Tadqiqot o‘tkazilgan jami 13 mamlakat ichida eng past ko‘rsatkich Shveytsariyada qayd etilgan: issiq mavsumdagi har million tug‘uruqqa 628 ta muddatidan oldin tug‘uruq.

pasted-image-1781339941204

Biroq issiqning ta’siri barcha homilador ayollarda bir xil emas. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, yuqori haroratga sezuvchanlikka iqlim sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy omillar va sog‘liqni saqlash tizimining sifati ta’sir ko‘rsatadi. Xususan: yosh, yolg‘iz, ta’lim darajasi past va murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda yashovchi ayollar issiq tufayli muddatidan oldin tug‘uruq xavfiga ko‘proq duch kelishi mumkin.

Homiladorlikning eng xavfli davri 31-haftadan 40-haftagacha bo‘lgan muddat hisoblanadi. Aynan shu bosqichda muddatidan oldin tug‘uruq ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi.

Xo‘sh, issiq ob-havo qanday qilib erta tug‘uruqni keltirib chiqaradi?

Qayd etilishicha, jazirama ob-havo tana haroratini oshiradi va bachadon qisqarishlarini qo‘zg‘atadi. Issiq tufayli yuzaga keladigan suvsizlanish organizmdagi kalsiy va magniy kabi muhim minerallar muvozanatini buzadi hamda yo‘ldoshga qon oqimini kamaytiradi.

Homilador ayollar tanasi homila o‘sishi hisobiga odatdagidan ko‘proq issiqlik ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, vazn ortishi tufayli tananing ushbu issiqlikni tashqariga chiqarish qobiliyati pasayadi.

Bundan tashqari, yuqori harorat yallig‘lanish jarayonlarini faollashtiradi va hujayralarda kislorodning faol shakllari hosil bo‘lishi hamda to‘planishi o‘rtasidagi muvozanatni izdan chiqaradi. Bu esa homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bachadon bo‘ynining tezroq yetilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Jazirama sharoitida homilador ayollarga kun davomida tez-tez suv ichish, issiq paytda ko‘chaga chiqmaslik, salqin joyda bo‘lish, yengil ovqatlanish (salat, meva, qatiq) tavsiya etiladi. Kun urishi alomatlari bo‘lganda (bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qattiq holsizlik, yurak tez urishi yoki hushdan ketishga yaqin holatlar), darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid