O‘zbekiston | 19:05
5006
2 daqiqa o‘qiladi

Issiq haftada jala ham kutilmoqda

15–21 iyun kunlari kutilayotgan issiq havo, kuchli jala va shamolli kunlar qishloq xo‘jaligi uchun bir vaqtning o‘zida imkoniyat va xavflarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa paxta, sabzavot, bog‘dorchilik va chorvachilik sohalari uchun hududlarga qarab turlicha ta’sirlar yuzaga keladi.

Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.

Hafta boshida janub va cho‘l hududlarida +40...+42 darajagacha yetadigan issiq harorat g‘o‘za va boshoqli ekinlarda namlik tanqisligini kuchaytirishi mumkin. Bu paytda sug‘orishni ertalabga yoki kechki paytlarga rejalashtirish maqsadga muvofiqdir.

Hafta o‘rtasidan respublikaning bir qator hududlarida kutilgan momaqaldiroqli jala yog‘inlar tuproq namligini to‘ldirishi va paxta hamda sabzavot ekinlari rivojlanishi uchun ijobiy omil bo‘lishi mumkin. Biroq ayrim tog‘ va tog‘oldi tumanlarda kuchli jala yog‘inlar sel hodisasini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa tuproq yuvilishi va bog‘dorchilik xo‘jaliklariga zarar yetkazish xavfini ham oshiradi.

Kuchli shamol va chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin bo‘lgan hududlarda yosh ko‘chatlarni, poliz ekinlarini hamda issiqxonalarni ehtiyot qilish lozim bo‘ladi.  

Umuman olganda, joriy hafta qishloq xo‘jaligi uchun yoz mavsumiga xos murakkab, ammo namlik zaxiralarini to‘ldirish nuqtai nazaridan ayrim hududlarda foydali hafta bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa yog‘inlar yaxshi taqsimlangan joylarda sug‘orish suviga bo‘lgan talab vaqtincha kamayishi mumkin.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid