Iqtisodiyot | 16:35
1807
7 daqiqa o‘qiladi

«Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi». Bu qonuniy talabmi?

Bozordan yoki qaysidir do‘kondan oyoq kiyim xarid qildingiz. Uyga kelganingizda krossovkaning o‘lchami to‘g‘ri kelmadi yoki rangi ma’qul kelmayapti. Sotib olgan joyingizga qaytib kelganingizda, do‘kondor «sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi», degan yozuvni ko‘rsatib, talablaringizni qanoatlantirmayapti. Xo‘sh, do‘konning bir chetiga ilib qo‘yilgan bunday yozuv qonun kuchiga egami?

Sun’iy intellekt chizgan surat

Aytaylik, o‘zingiz uchun ko‘ylak sotib oldingiz. Uni uyda qayta kiyib ko‘rilganda sifatsizligidan matosi ham, tikilishi ham narxiga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Sotuvchi tomonidan «yuvib-yuvib kiyasiz, hech narsa qilmaydi, bu falon firmaniki…» deb qo‘lingizga tutqazilgan qimmatbaho ust-bosh ham bir yuvilganda rangi chiqib, choklari so‘kilib, kirishib ketib, yaroqsiz holga kelib qolsa-chi? Bunda iste’molchilar qanday yo‘l tutishi kerak? 

Oxirgi paytlarda O‘zbekistondagi yirik  bozorlar, savdo markazlari va kiyim-kechak do‘konlarida «Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi!»  yoki «Almashtirib berilmaydi!» degan mazmundagi yozuvlar ko‘payib boryapti. Xo‘sh, bu talab qanchalik asosli?

Qonunchilik nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarorida belgilanishicha, chakana savdo qoidalarida zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatiga kiyim-kechaklar kiritilmagan. Uni mavjud tartib-qoidalar asosida belgilangan muddatda sifatlisiga almashtirib olish huquqiga egasiz. Ammo bunda ham ma’lum tartib-qoidalar bor.

«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Bu yerda «maqbul sifatli» deyilmoqda. Ya’ni tovarning hech qanday nuqsonlari yo‘q, u iste’molga yaroqli, sifatiyam yaxshi. Xo‘sh, unda almashtirib olish nimaga kerak, deyishingiz mumkin. Qonunga binoan, iste’molchi sifati yaxshi tovarni ham almashtirib olishi mumkin. Faqatgina bunda unga o‘sha sotib olingan tovarning qandaydir iste’mol xossalari mos kelmagani sabab bo‘la oladi. Siz tufli oldingiz, lekin uning o‘lchami biroz mos kelmadi yoki rangi yoqmadi va boshqa shu kabi holatlar.

Iste’molchi xarid qilgan tovarini sotib olgan kundan boshlab 10 kun ichida (oziq-ovqat uchun 24 soat) boshqa tovarga almashtirish huquqiga ega. Agar 10 kun o‘tib ketsa, bu huquqdan foydalana olmaydi.

Shuningdek, sifatli tovarlar qaytarilganda ular iste’mol qilinmagan bo‘lishi, tovar ko‘rinishini yo‘qotmagan, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan holatda bo‘lishi kerak.

Mahsulot kerakli sifatda bo‘lmagan taqdirda-chi?

Qonunda zarur sifatga ega bo‘lmagan, nuqsonli mahsulotni sotib olgan iste’molchida o‘z huquqlarini himoya qilishga imkon beradigan 5 ta qoida mavjud. Bular quyidagilar:

·       tovarni ayni shunday markali maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;

·       tovarni boshqa markali shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini qayta hisob-kitob qilish;

·       tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;

·       xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;

·       shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

Bundan tashqari, sotuvchi aksiya yoki chegirma doirasida sotiladigan tovarda kamchilik mavjudligi to‘g‘risida xaridorni ogohlantirmagan bo‘lsa, nuqsonli tovar sotilganda xaridor tovarni qaytarib berish huquqiga ega. Sotuvchilarning «Aksiya doirasida sotib olingan tovarlar almashtirilmaydi yoki qaytarilmaydi» kabi iboralari qonunga muvofiq emas.

Qanday mahsulotlarni qaytarish yoki almashtirish mumkin emas?

Qonunchilikda sifati talabga javob bergan taqdirda qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat mahsulotlarning ro‘yxati mavjud:

·       dori vositalari va tibbiy asboblar;

·       shaxsiy gigiyena buyumlari (tish cho‘tkalari, taroqlar, soch turmaklash anjomlari va hokazo);

·       attorlik-pardoz tovarlari(atir-upalar);

·       to‘qimachilik mahsulotlari (metrlab sotiladigan gazlamalar, tasmalar);

·       oziq-ovqat bilan bog‘liq buyumlar;

·       maishiy kimyo tovarlari;

·       pestitsidlar va agroximikatlar;

·       mebel, zargarlik buyumlari;

·       avtomototransport vositalari;

·       maishiy elektr tovarlari;

·       hayvonlar va o‘simliklar.

Aytaylik, siz taroq sotib olgansiz. Taroq shaxsiy gigiyena buyumi hisoblanadi. Siz ana shu taroqni uyga olib kelib, ishlatib ko‘rgach, menga taroqning u yeri yoqmadi, bu yeri yoqmadi degan sabab bilan almashtira olmaysiz.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, fuqarolar «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirib o‘tilgan ro‘yxatdagi tovarlardan tashqari har qanday nooziq-ovqat tovarini ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Sotuvchilar esa iste’molchining qonuniy talablarini bajarishga majbur. Agar do‘konda «sotilgan tovar qaytarib olinmaydi» degan yozuvni ko‘rsangiz, bu shunchaki sotuvchining shaxsiy xohishi xolos. Ichki qoidalar bilan iste’molchiga qonun tomonidan berilgan huquqlarni cheklab bo‘lmaydi.

Naqd pulni qaytarish yoki almashtirish uchun iste’molchi kassa va tovar chekini taqdim etishi shart. Shuning uchun hujjatlarni saqlash tavsiya etiladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid