Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa yetakchilari AQSh–Eron kelishuvini olqishladi
Fransiya, Germaniya, Britaniya va Italiya rahbarlari AQSh hamda Eron o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan tinchlik kelishuvini qutlab, uni Yaqin Sharqda barqarorlikni tiklash va jahon iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish sari muhim qadam sifatida baholadi. Shu bilan birga, ular Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
15 iyun kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni AQSh hamda Eron o‘rtasida 19 iyun kuni imzolanishi kutilgan kelishuvni yuqori baholadi.
Yevropa yetakchilari mazkur kelishuv mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni mustahkamlash hamda global iqtisodiyot barqarorligiga xizmat qilishini qayd etdi. Ular muzokaralar jarayoni ishtirokchilarini diplomatik yutuq bilan tabriklab, kelishuvning tez va to‘liq amalga oshirilishi muhimligini urg‘uladi.
Qo‘shma bayonotda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini zudlik bilan tiklash zarurligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yevropa davlatlari bu borada xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, zarurat tug‘ilsa, muhim dengiz yo‘lagini minalardan tozalash ishlarida ham ishtirok etishini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer alohida bayonotida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro kemalar harakati hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz tiklanishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatgan harbiy mojarolarning salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam beradi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Eronning yadroviy va ballistik dasturlari bilan bog‘liq masalalar hamon jiddiy xavotir uyg‘otayotganini qayd etdi. Kir Starmer bu borada yanada qat’iy pozitsiya bildirib, «Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak», deya ta’kidladi.
Ushbu pozitsiya Yevropa yetakchilarining qo‘shma bayonotida ham aks etgan. Hujjatda Eronning yadroviy qurol yaratishiga har qanday sharoitda yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.
Shuningdek, Fransiya, Germaniya, Britaniya va Italiya AQSh, Eron hamda Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Ular Eron tomonidan yadroviy dastur yuzasidan aniq va tekshirish mumkin bo‘lgan qadamlar tashlangan taqdirda, tegishli sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ham qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Tahlilchilar fikricha, agar kelishuv muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, u Yaqin Sharqdagi xavfsizlik vaziyatini barqarorlashtirish va xalqaro energetika bozorlaridagi bosimni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Mavzuga oid
08:45
AQSh va Eron urushni tugatish hamda Ho‘rmuzni qayta ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi
08:18
Yevropa aholisi qaysi mamlakatlarda o‘zini xavfsiz his qiladi?
22:29 / 14.06.2026
Tramp Netanyahuni aqlsizlikda aybladi va Eron bilan kelishuv 2–3 soat ichida imzolanishini aytdi
11:18 / 14.06.2026