O‘zbekiston | 13:27
1159
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekiston–Albaniya sammiti bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay ishtirokida ikki mamlakat munosabatlari tarixidagi ilk oliy darajadagi sammit bo‘lib o‘tdi. Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda qator istiqbolli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur sammit O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida birinchi marta o‘tkazilayotganini ta’kidlab, uning ikki tomonlama sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladilar.

Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm kabi sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta Yer dengizi bozorlariga yetkazib berishda Albaniyaning Durres portidan logistika habi sifatida foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi.

Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy bazasini kengaytirish muhimligini ta’kidlab, Hukumatlararo komissiya tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldi.

Madaniy-humanitar sohada o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazmalar va ijodiy safarlarni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid