Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirol qaytdi, yashasin qirol!
Amerika mundiali hayratlantirishda davom etmoqda. Ikki kun avval hech kim tanimaydigan Kabo-Verde darvozaboni Vozinya bir kunda dunyo futboli yulduziga aylangandi. Bugun tongda yana bir daho hamon cho‘qqida ekanini barchaga eslatdi. Tunda Mbappening ajoyib o‘yini va Holandning dublidan keyin shahzodalar kurashga kirishdi degan mazmunda chiqish qilishga tayyorlangandim, lekin tongda «changalzor qiroli» kelib bir latifada aytilganidek «hammani haydab yubordi».
Messi Klozega yetib oldi
Kecha tunda Senegal darvozasiga ikki ajoyib gol urgan Kilian Mbappe mundiallarda urgan gollari sonini 14 taga yetkazib, bu borada Messini ortda qoldirgan va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi. Oltinchi JChni o‘tkazayotgan Messi esa tongda Jazoir darvozasiga naq uchta gol urdi.
Messi va Ronaldu shunaqa ko‘p gol urganki, ularning har bir nechta golidan keyin qanaqadir rekordlar yangilanaveradi. Bugungi gollaridan keyin Messi JChlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar Miroslav Klozega yetib oldi. Men bu rekordni keyinchalik Mbappe uzoq vaqt yangilab bo‘lmaydigan holatga keltirib qo‘yishiga ishonaman. Chunki fransuz hali yana 2-3 mundialda qatnashsa kerak, buning ustiga keyingi o‘yin Iroq bilan. Lekin 39 yoshga kirayotgan Messi hamon eng zo‘rlar bilan kurashib yurgani tahsinga sazovor.
Leo shu kuni Argentina milliy jamoasi safidagi 200-o‘yinida maydonga tushdi. Dahshat, 200 ta o‘yin-a! U Jazoirga qarshi o‘yinda Argentinani 20-marta JCh o‘yinida sardor sifatida boshlab tushdi. Bu mutlaq rekord. Hujumchi 2006 yil Serbiya va Chernogoriya darvozasiga gol urib Argentinaning mundiallarda gol urgan eng yosh futbolchisiga aylandi. 20 yil o‘tib endi Argentinaning JChlarida gol urgan eng yoshi katta futbolchisiga aylandi. 20 yil sport formasini bu qadar yaxshi ushlab turish mo‘jizaning o‘zi.
Leoni «nafaqaga kuzatishgandi»
Lionel Messi, shubhasiz, futbol tarixidagi eng yaxshi atletlardan biri. U «Barselona»dan klub rahbariyati sabab ketib, PSJga o‘tdi. Fransiyada ham juda ko‘p gol urdi, assistlat berdi, sovrinlar yutdi, lekin undan ChLda g‘oliblik kutishgandi, shu sabab faoliyati muvaffaqiyatsiz deb baholandi. Futbolchining o‘zi ham Parijda baxtli bo‘lmaganini tan oldi. Axir «Barselona» ramziga aylangan futbolchi qanday qilib Yevropaning boshqa jamoasiga moslashib ketsin?
Keyin unga Saudiyadan aql bovar qilmas maosh taklif qilishdi. Arablar o‘z chempioatlarida Messi – Ronaldu to‘qnashuvini ko‘rishni istagandi. Lekin Leo ancha kam maoshga Amerika jamoasiga o‘tib ketdi. U azaldan Amerikani yaxshi ko‘rgani, oilasi bilan birga qaror qabul qilganini aytdi. Shu-shu ko‘zdan panada, olis Amerikada futbol o‘ynab yurdi.
Ko‘pchilik Messi endi JChda o‘ynamasa ham bo‘ladi, kubokni yutdi, holati avvalgidek emas, dedi. Lekin uning sezgilari o‘lmagan ekan. Leo Jazoirga qarshi o‘yinda «Qatarda Messini FIFA va qatarliklar chempion qildi», deydigan heyterlarni «xot-dokka yuborib», barcha savollarni yopdi. Uchta golidan ikkitasini «Barsa»dagi eng yaxshi damlaridagi kabi mukammal zarba bilan urdi. Birinchisi 2022 yil Meksikaga urilgan golni eslatdi. Uchinchi gol esa La Ligadagi deyarli har turda urib yurgan gollarini.
Messining muxlislari xursand bo‘lishgani aniq. 15 yil uning faqat yuqori darajadagi takrorlanmas o‘yinini ko‘rib yurgan «Barselona» muxlislari rahbariyatdagi intrigalar sabab Messining jamoadan ketishini og‘ir qarshiladi. Keyin Laporta uni olib kelaman deb saylovni yutdi, lekin aynan Laporte har qanday shart bilan qaytishga rozi bo‘lgan Messi uchun eshiklarni yopdi. «Barselona» klub ramziga aylangan futbolchi bilan eplab xayrlashmadi ham, unga yetarlicha hurmat ko‘rsatmadi.
Leo to‘polon qiladigan, hamma gapni to‘kib soladigan yigit emas, u juda kamgap yigit, indamay hammasini maydonda isbotlaydi. Hamma ko‘rdi, u hamon top darajada ekan. Kerak bo‘lsa, «Barselona»dagi istalgan hujum vakilidan kuchli ekan, kamida ushbu mundialda. «Barsa»chilar Kabo Verdega birorta gol ura olmadi, Messi esa bir soat ichida Zidanning o‘g‘liga uchta golni qadab qo‘ydi.
Kecha Senegalga qarshi o‘yinda Killian Mbappe dunyo futbolining ayni damda tengsiz futbolchisi ekanini, Olise «Oltin to‘p»ga da’vogar ekanini, Holand JChdagi ham gol mashina bo‘la olishini isbotladi. Messi esa eng yaxshi bo‘lishga da’vo qilmasa ham, hamon kuch-quvvatga to‘la yigitlar bilan kurasha olishini ko‘rsatdi. Aytgancha, Holand het-trikdan keyin Messini «aqldan ozdiradigan futbolchi» deb post yozdi.
Inglizlarning menga yoqmaydigan bir maqoli bor. So‘zimizni o‘sha maqolni sal o‘zgartirib yakunlamoqchiman: qirol qaytdi, yashasin qirol! Leo, sen dahosan, do‘stim. Sen bilan zamondosh ekanimdan faxrlanaman. Aytgancha, bugun tunda Kongo darvozaboniga juda qiyin bo‘ladi, sababini bilasiz...
Mavzuga oid
15:15 / 16.06.2026
Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
15:04 / 05.06.2025
«Sensiz men bo‘lmasdim...» – futbolimizdagi eng muhim kun
12:26 / 05.06.2025
Son ham, sifat ham yetarli. Legionerlar muhim o‘yinlarga qanday holatda yetib keldi?
12:33 / 21.11.2022