Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bog‘chadan hovuzgacha: bolakayni o‘limga olib borgan to‘siqsiz yo‘l
Samarqandda 2,5 yashar bog‘cha tarbiyalanuvchisi muassasa hududidan chiqib ketgan. Bu paytda bog‘cha darvozasi ochiq, qo‘shni maktab atrofidagi to‘siq buzilgan, aksiga olib suv havzasi atrofidagi temir panjara esa to‘liq emasdi. Shu tariqa falokatning oldini olishi mumkin bo‘lgan bir nechta xavfsizlik halqalari bir vaqtning o‘zida ishlamay qoldi.
Natijada «Yulduzcha» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Muhammadali qo‘shni maktab hovlisidagi suv havzasiga tushib ketib, halok bo‘ldi.
Fojia 2026 yil 5 iyun kuni Payariq tumanida sodir bo‘lgan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, bolaning yaqinlari, muassasa mas’ullari va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.


Muhammadalining buvisi Zebiniso Niyatovaning aytishicha, unga nabirasi suvga tushib ketgani haqida xabar berishgan. Muhammadali oiladagi uchinchi nabira bo‘lib, aka-ukalari ham shu bog‘chaga qatnagan.

Bola yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘lgach, tarbiyachilar ham uni izlashga chiqqan. Ammo fojia allaqachon sodir bo‘lgandi.
Buvining aytishicha, Muhammadalining akasi u qanday holatda topilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
«Nabiram hali tirik bo‘lgan...»
Bolaning ona tomondan buvisi Feruza Mahramova voqeaning yana bir jihatiga e’tibor qaratdi. U voqea guvohlariga tayanib aytishicha, Muhammadali suvdan chiqarilgan vaqtda hali hayot alomatlari bo‘lgan.
«Birinchi yordam vaqtida ko‘rsatilganda vaziyat boshqacha bo‘larmidi?» - deydi Mahramova.

Fojia oila uchun yana bir jihatdan og‘ir kechgan. Muhammadali halok bo‘lganidan bir kun o‘tib, uning onasi navbatdagi farzandini dunyoga keltirgan.
Shu tariqa, bir oila bir vaqtning o‘zida ham farzand dog‘ini, ham chaqaloq quvonchini qarshi oldi.
Fojiaga olib borgan yo‘l
Kun.uz voqea sodir bo‘lgan hududni ko‘zdan kechirdi. Bog‘cha va qo‘shni 58-maktab – bitta yo‘lning shundoqqina ikki tarafida joylashgan. Muhammadali bog‘chadan chiqqanidan keyin maktab hududiga o‘tib ketgan. Bunga ikki hudud orasidagi beton to‘siqning buzilgan qismi imkon bergan.


Shuningdek, maktab hovlisida favqulodda vaziyatlar uchun tashkil etilgan suv havzasini o‘rab turgan temir panjaraning bir qismi ham mavjud bo‘lmagan. Natijada kichik yoshli bolaning havza hududiga kirishi uchun amalda hech qanday to‘siq qolmagan.
Ayni vaqtda beton to‘siq ham, havza atrofidagi panjaralar ham tiklangan.
Bu esa tabiiy savolni tug‘diradi: agar bu kamchiliklar fojiadan keyin qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan bo‘lsa, nega ular oldinroq tuzatilmagan?
Maktab direktori nima deydi?
58-maktab direktori Dilnoza Pirnazarovaning aytishicha, mazkur to‘siq avval ham bir necha marta buzilgan: ayrim fuqarolar devorni qayta-qayta sindirib ketgan, hatto bu holat bo‘yicha ikki kishi ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan.


Direktor havzaga suv yaqinda quyilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari havza doimo suv bilan to‘ldirilgan holda saqlanishi kerakligini talab qilib kelgan va bu talab bajarilmagani uchun maktab bir necha bor jarimaga ham tortilgan.
Shundan keyin havzaga suv to‘ldirilgan. Biroq havza atrofidagi xavfsizlik choralari yetarlicha ta’minlanmagan.
Bola bog‘chadan qachon chiqib ketgan?
«Yulduzcha» bog‘chasi mudirasi Mehriniso Qo‘chqorovaning aytishicha, muassasadagi bolalar har kuni turmush o‘rtog‘iga tegishli Damas avtomobilida uylariga tarqatiladi.


Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 iyun kuni soat taxminan 16:30 larda avtomobil kelgan va bolalarni chiqarish boshlangan. Shu vaqtda Muhammadali ko‘rinmay qolgan.
Mudiraning aytishicha, tarbiyachilar va boshqa xodimlar darhol qidiruvga chiqqan. Tarbiyachilardan biri maktab hovlisiga o‘tib, havza ustida suzib yurgan bolaning oyoq kiyimini ko‘rgan. Shundan keyin muassasa rahbarining turmush o‘rtog‘i havzaga tushib, bolani suvdan chiqarib olgan.
Qo‘chqorovaga ko‘ra, o‘sha vaqtda Muhammadalida hayot alomatlari bo‘lgan.
Payariq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi Fazliddin Dudashevning ma’lum qilishicha, hozirda hodisaga va muassasa faoliyatiga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Uning aytishicha, bog‘cha faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki boshqa qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga taklif kiritilishi mumkin.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bu birinchi holat emas
Muhammadalining o‘limi bilan bog‘liq yana bir tashvishli jihat bor.
Ma’lum bo‘lishicha, taxminan uch oy avval «Yulduzcha» bog‘chasining transporti ishtirokida noxush hodisa ro‘y bergan.
Ota-onalardan birining aytishicha, tarbiyalanuvchi qizaloq uyiga olib kelinganda muassasa avtomobili uni turtib yuborgan. Natijada bola jarohat olib, uzoq vaqt davolangan.
Bog‘chalarda xavfsizlik muammosi
So‘nggi paytlarda bog‘chalarda bolalarning xavfsizligi ta’minlanmayotgani juda ko‘p baxtsiz hodisalarga olib kelmoqda.
E’tiborlisi, 2,5 yashar Muhammadalining o‘limi voqeasida birgina insonning xatosi emas, balki xavfsizlikning bir nechta halqasi bir vaqtning o‘zida uzilganini kuzatish mumkin.
Qayd etish lozim, Muhammadali halok bo‘lishidan bir kun avval Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida ham bog‘cha bilan bog‘liq fojia sodir bo‘lgandi. U yerda qizaloq muassasa avtomobilida unutib qoldirilgan va vafot etgan.
Ikki kun ichida ikki hududda ikki bola hayotdan ko‘z yumdi. Oxirgi oylarda shunga o‘xshash boshqa holatlar ham ro‘y berdi. Bu esa bog‘chalarda bolalar xavfsizligi borasida jiddiy, tizimli muammolardan darak berayotgandek.
Mavzuga oid
11:41 / 19.05.2026
Uchko‘prik hokimi tashlandiq bog‘cha muammosidan nega ko‘z yumyapti?
20:51 / 07.07.2025
Andijonda 9 yoshli ikki bola fermer xo‘jaligi hovuziga cho‘kib ketdi
23:01 / 14.03.2019
Xitoylik bolaning yuragi urishdan to‘xtagandi, biroq 2 soat deganda mo‘jiza ro‘y berdi
14:20 / 17.08.2016