Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokiston: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini zudlik bilan ochadi
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning ma’lum qilishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qaratilgan memorandum kuchga kirgan va shu munosabat bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqin vaqt ichida xalqaro kemalar harakati uchun qayta ochiladi. Shu bilan birga, AQSh Eron portlariga nisbatan qo‘llanayotgan blokadani bekor qilishi kutilmoqda.
18 iyun kuni Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQSh va Eron o‘rtasida imzolangan memorandum amalda kuchga kirganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, kelishuvga muvofiq, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun zudlik bilan ochiladi. Ayni paytda AQSh tomonidan Eron portlariga nisbatan qo‘llab kelingan cheklovlar va blokada choralari ham bekor qilinishi lozim.
Ma’lum qilinishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 17 iyun kuni o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. Ushbu hujjat asosida keyingi 60 kun davomida tomonlar o‘rtasida yakuniy tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.
Shahboz Sharifning qayd etishicha, hujjat davlat rahbarlari tomonidan raqamli tarzda imzolangan bo‘lsa-da, uning rasmiy tantanali imzolash marosimi 19 iyun kuni Shveytsariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Marosim Qatar ko‘magida Lyutsern shahri yaqinidagi Byurgenshtok kurort majmuasida bo‘lib o‘tadi. Pokiston tomoni bu tadbirni AQSh va Eron munosabatlaridagi muhim bosqich sifatida baholamoqda.
Pokiston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, mazkur uchrashuv yakuniy tinchlik kelishuvi bo‘yicha texnik darajadagi muzokaralarga rasman start berishi kutilmoqda.
Ekspertlar fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi jahon energetika bozorlari uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki dunyo neft eksportining katta qismi aynan mazkur dengiz yo‘lagi orqali amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
10:00
Tramp: Eron bilan kelishuv hali yakunlangan emas
09:25
Obama va Trampning Eron bilan kelishuvlari nimasi bilan farq qiladi?
23:07 / 17.06.2026
Tramp yakuniy kelishuv uchun Eronga 60 kun muhlat berdi
22:32 / 17.06.2026