Sport | 10:49
16046
5 daqiqa o‘qiladi

Qatarliklar chiday olmadi va raqibni «chopish»ga o‘ynadi

Kanadaliklar futbolchisining oyog‘i sinib ketdi. Arablar jamoasi o‘yinni 9 kishi bo‘lib yakunladi va javobsiz 6 ta gol o‘tkazdi.

Foto: Alex Grimm/Getty Images

Dahshatli jarohat kanadaliklarning yorqin g‘alabasini xiralashtirdi  

Kanada – Qatar 6:0
Gollar:
Larin, 16 (1:0). Devid, 29 (2:0). Devid, 45+3 (3:0). Saliba, 64 (4:0). Al-Mannai, 75 - avtogol (5:0). Devid, 90+2 (6:0)
Kanada: Krepo, De Fujyerol (Oluvaseyi, 71), Kornelius (Bombito, 46), Lareya, Jonston, Eushtakiu, Kone (Saliba, 56), A. Ahmad (Shaffelberg, 71), Byukenen (Sigur, 83), Larin, Devid
Qatar: Abunada, Pedru Migel, Huhi, X. Ahmad, Al-Oui, Madibo, Layye, Abdulsalom (Fati, 46, Mendes, 87), Afif (Al-Husayn, 59), Edmilson Junior (Al-Mannai, 46), Abdurisoq (Al-Brake, 40)
Ogohlantirishlar: Kornelius, 9 – Fati, 62
Chetlatish: X. Ahmad, 33. Madibo, 51

Kanadaliklar jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida Qatarni osonlik bilan mag‘lub etdi – 6:0. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi: o‘tgan turda ham bosniyaliklar darvozasiga yagona golni urgan Kayl Larin gollari sonini oshirib oldi, Jonatan Devid dublni rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, 33-daqiqada Qatar ozchilik bo‘lib qoldi: Homam Ahmad darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Byukenenga so‘nggi umid folini ishlatgan deb topildi va maydonan chetlatildi.

Birinchi bo‘limdayoq hisob yirik ko‘rinish oldi, ammo kanadaliklar to‘plar nisbatini yaxshilab olish uchun faollik bilan hujum qilishda davom etishdi. 51-daqiqada esa o‘yinda dahshatli voqea ro‘y berdi: qatarliklar himoyachisi Assim Madibo to‘pni olib qo‘yishga urinib, Ismoil Konega og‘ir jarohat yetkazdi.

Kanadaliklar yarimhimoyachisi gazonda yotgan holda oyog‘iga qaradi va dahshatga tushib, qo‘llari bilan yuzini yopdi – uning chap oyog‘i sinib ketgan va notabiiy ko‘rinishga kelgandi.

O‘yin shu zahoti to‘xtatildi. Konening jamoadoshlari darhol Madiboni o‘rab olishdi va keskin ohangda e’tiroz bildira boshlashdi. Ammo himoyachining o‘zi qilib qo‘ygan ishidan karaxt holatga tushgandi. Uni tinchlantirish uchun jamoa darvozaboni Mahmud Abunada yetib keldi.

O‘yin bosh hakami Kristian Garay avvaliga qoidabuzarga sariq kartochka ko‘rsatgandi, ammo fol oqibatlarini ko‘rganidan keyin qarorini o‘zgartirib, futbolchini maydondan chetlatdi.

Maydonda ikki jamoa vakillari, jumladan, murabbiylar shtabi a’zolari o‘rtasida kichik to‘qnashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

O‘yinda olti daqiqadan ko‘proq to‘xtalish yuzaga keldi. Maydonga jonlantirish brigadasi tushib keldi. Tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida kanalik futbolchilar Kone va shifokorlarni har tomondan o‘rab turishdi.

Kone hushini yo‘qotmagandi. U zambilda maydonni tark etish chog‘ida tribunadagilarga qo‘l silkitishga ham o‘zida kuch topa oldi.

Futbolchilar o‘ziga kelishi uchun ham vaqt talab etildi. Kanadaning ayrim futbolchilari ko‘z yoshlarini tiya olishmayotgandi.

Ammo pauzadan keyin o‘yin davom ettirildi va gol urishda davom etishdi.

Konening o‘rnini egallagan Saliba 64-daqiqada to‘rtinchi golni urdi va Konening futbolkasini ko‘targan holda golni unga bag‘ishladi.

Kanadaliklar bu bilan to‘xtashmadi va Shveytsariyaga qarshi hal qiluvchi o‘yin oldidan gollar nisbatini yaxshilash bo‘yicha ishni davom ettirishdi. To‘qqiz kishi bo‘lib qolgan osiyoliklarda esa qarshilik ko‘rsatish imkoniyati yo‘q edi. 75-daqiqada Muhammad Al-Mannai to‘pni darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yuborishga urinib, o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Devid het-trik amalga oshirib, turnir to‘purari Lionel Messiga yetib oldi.

6:0 – Kanada jahon chempionatlaridagi ilk g‘alabasini shunday hisobda qo‘lga kiritdi va amalda pley-off masalasini hal qildi: endi mezbonlarda ham Shveytsariyadagi kabi 4 ta ochko bor. 

Endi ushbu jamoalar 24 iyun kuni 3-tur doirasida o‘zaro kuch sinashadi – amalda ikki jamoani ham durang hisob qoniqtiradi. Qatar hamda Bosniya va Hersegovinada bittadan ochko bor.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid