Jahon | 08:22
457
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ilk bor bir yilga uzaytirdi

Yevroittifoq mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi munosabati bilan joriy etilgan sanksiyalarni ilk bor olti oy emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri bir yil muddatga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu qaror 18 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida qabul qilingan.

Foto: RIA Novosti

Ma’lum qilinishicha, mazkur tashabbus avval ham bir necha bor muhokama qilingan bo‘lsa-da, Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orbanning qarshiligi tufayli ma’qullanmagan edi. Bu safar esa may oyida lavozimga kirishgan yangi Vengriya bosh vaziri Peter Madyar sanksiyalarni uzaytirishni qo‘llab-quvvatladi. Natijada YeI davlatlari o‘rtasida konsensusga erishildi.

Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta matbuot kotibining ma’lum qilishicha, sanksiyalarni bir yilga uzaytirish haqidagi qaror yaqin haftalarda Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Bryussel sammitida Rossiya-Ukraina urushiga oid qo‘shma deklaratsiya ham qabul qilindi. Hujjatni YeIga a’zo barcha 27 davlat qo‘llab-quvvatladi. Bu esa 2024 yil dekabridan beri birinchi marta barcha davlatlarning yagona pozitsiyada chiqishi bo‘ldi.

Deklaratsiyada Yevroittifoq Rossiyaga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish, uning harbiy iqtisodiyotini zaiflashtirish va Moskvani mazmunli tinchlik muzokaralariga jalb qilish niyatida ekani ta’kidlangan. Shuningdek, Rossiyaning energiya resurslari eksportidan tushayotgan daromadlarini qisqartirish, jumladan, “soya floti” deb ataluvchi kemalar faoliyatiga qarshi choralarni kuchaytirish muhimligi qayd etilgan.

Hujjatda Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tezroq qabul qilishga chaqiriq ham o‘rin olgan. Hozircha ushbu paketning aniq mazmuni va qabul qilish sanasi ma’lum qilinmagan. Biroq Yevropa ommaviy axborot vositalari unga Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan rossiyalik harbiylar uchun Yevroittifoq hududiga kirish taqiqlari, Rus pravoslav cherkovi rahbari patriarx Kirill, shuningdek, Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvorkovichga nisbatan cheklovlar kiritilishi mumkinligini yozmoqda.

Bundan tashqari, yangi sanksiyalar energetika, moliya, savdo sohalari hamda ilk bor baliqchilik tarmog‘ini ham qamrab olishi mumkin.

Ayni paytda Bolgariya prezidenti Rumen Radev Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga veto qo‘yishi mumkinligini bildirdi. U bu qarorni mamlakat iqtisodiyotiga ehtimoliy salbiy ta’sir va patriarx Kirillga qarshi cheklovlarga nisbatan e’tirozlar bilan izohladi. Shunga qaramay, Radev Bolgariya Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid