Jamiyat | 08:51
913
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 2,5 kilogrammga yaqin gashish musodara qilindi

Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 2,5 kilogramm gashish moddasi musodara qilinib, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlanayotgan bir necha shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadrlar

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi, ichki ishlar hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida Asaka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi.

Ko‘zdan kechirish jarayonida transport vositasida bo‘lgan Namangan va Marg‘ilon shaharlarida yashovchi 1970, 1981 va 1984 yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaroga tegishli 2 kilogramm gashish moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Shuningdek, Marhamat tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Quva shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi tekshirilganda, undan 497 gramm gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur turdagi giyohvandlik vositalari mamlakat hududiga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari haqida DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid