Jahon | 09:02
2487
4 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Trampga bosim o‘tkazishi mumkin - AQSh razvedkasi

AQSh razvedkasi prezident Donald Tramp ma’muriyatini Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashington va Tehron o‘rtasida tayyorlanayotgan uzoq muddatli kelishuvga to‘sqinlik qilishga urinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda The Washington Post nashri amaldagi va sobiq amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh maxsus xizmatlari tayyorlagan tahlilda Isroil rahbariyati Eron bilan bog‘liq kelishuv shartlaridan norozi ekani qayd etilgan. Razvedka bahosiga ko‘ra, Isroil Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish niyatida. Bu esa Tehronning Vashington bilan keyingi muzokaralarni davom ettirish uchun qo‘yayotgan asosiy talablaridan biriga zid hisoblanadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Isroilning noroziligiga bir necha omil sabab bo‘lmoqda. Avvalo, mamlakat rasmiylari 17 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi Tehronga nisbatan qo‘llanayotgan “maksimal bosim” siyosatini yumshatishi mumkin, deb hisoblamoqda. Shuningdek, Tel-Aviv bu kelishuv mamlakatning “Hizbulloh” tahdidiga qarshi harakat qilish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishidan xavotirda.

Bundan tashqari, Netanyahu uchun ichki siyosiy omil ham muhim ahamiyatga ega. U 2026 yil kuzida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. WP keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Milliy xavfsizlik tadqiqotlari institutining may oyidagi so‘rovida mamlakatdagi yahudiy aholining 70 foizi “Hizbulloh”ga qarshi kurashni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan. Shu sababli harbiy harakatlarni to‘xtatish yoki Isroil armiyasining Livan janubidan chiqib ketishi saylovchilar tomonidan Netanyahuning mag‘lubiyati sifatida qabul qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, CNN telekanali manbalariga ko‘ra, Netanyahu AQSh va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuvga qarshi pozitsiyasini ilgari surish uchun Trampga siyosiy bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda. Manbaning ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri Eron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha jiddiy cheklovlarga rozi bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va shu sababli yakuniy kelishuvga ishonmaydi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyahu o‘z nuqtai nazarini Vashingtonga yetkazish uchun o‘ng blogerlar, ommaviy axborot vositalari hamda Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi amerikalik senatorlar yordamidan foydalanmoqchi.

Ayni paytda Reuters agentligi va Sky News manbalari Isroil hamda “Hizbulloh” o‘rtasida 19 iyun kuni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Biroq Reuters manbasiga ko‘ra, Isroil armiyasi Livanning janubiy hududlarida qoladi. Shu bilan bir vaqtda Beyrut rasmiylari TSAHAL tinchlik rejimi kuchga kirganidan keyin ham zarbalar berganini iddao qilgan, ammo Isroil bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Livanda barqaror tinchlik o‘rnatilishi Eron uchun muzokaralarni davom ettirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Bu talab AQSh va Eron o‘rtasida imzolangan memorandumning muhim bandlaridan biri bo‘lib, hujjatga muvofiq, tomonlar 60 kun davomida keng qamrovli tinchlik kelishuvini ishlab chiqishi kerak.

Shunga qaramay, memorandum imzolanganidan keyin ham Livanda qurolli to‘qnashuvlar davom etgan. Natijada 19 iyun kuni Shveytsariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan AQSh va Eron delegatsiyalari uchrashuvi keyinroqqa qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.

Eronning Tasnim agentligi xabar berishicha, Tehron muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tishdan avval Vashington tomonidan memorandum shartlari bajarila boshlanganini ko‘rishni istamoqda. Donald Tramp esa muzokaralar kechiktirilganiga munosabat bildirib, AQSh muzokaralar jarayonini o‘z shartlari asosida olib borishini va Eronga moliyaviy imtiyozlar berishga shoshilmasligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid