Jahon | 08:55
1176
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Uitkoff Eron bilan muzokaralar uchun Shveytsariyaga yo‘l oldi

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Eron bilan yadroviy dastur va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun Shveytsariyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda Axios nashri amerikalik manbaga tayanib xabar berdi.

Foto: Getty Images

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Uitkoff AQSh va Eron o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarning birinchi bosqichida ishtirok etishi kutilmoqda. Manbaning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi va Oq uyning yana bir vakili Jared Kushner allaqachon Shveytsariyaga yetib borgan.

Shu bilan birga, 19 iyun kuni Qatar bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Taniy ham Shveytsariyaga kelgan. U AQSh va Eron o‘rtasidagi muloqotda asosiy vositachilardan biri hisoblanadi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chining ham 20 iyun kuni Shveytsariyaga tashrif buyurishi rejalashtirilgan, biroq uning safar rejasi hozircha o‘zgarishi mumkinligi aytilmoqda.

Axios suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, Arag‘chi 19 iyun kuni AQSh bilan muzokaralarda vositachilik qilayotgan davlatlar vakillariga Livanda barqaror o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilishi Eron uchun juda muhim ekanini bildirgan. Tehron rasmiylari muzokaralarni boshlashdan avval mintaqada mustahkam tinchlik ta’minlanganini ko‘rishni istamoqda.

Shu sababli tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvning aniq sanasi hozircha belgilanmagan. Ilgari AQSh va Eron vakillari 19 iyun kuni Shveytsariyada uchrashishi kutilgan edi. Tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni rejalashtirgan bo‘lib, unda mintaqadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish va keyingi 60 kun davomida keng qamrovli kelishuv ustida ishlash nazarda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, memorandum 17 iyun kuni masofadan turib imzolangan, ammo Shveytsariyadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar keyinroqqa qoldirilgan. Bunga Isroil va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» harakati o‘rtasida Livan janubida davom etgan to‘qnashuvlar sabab bo‘lgani aytilmoqda. Keyinchalik OAV tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini xabar qildi.

18 iyun kuniga qadar Shveytsariya rasmiylari muzokaralar reja bo‘yicha o‘tishidan umidvor bo‘lgan va AQSh hamda Erondan tashqari Qatar va Pokiston vakillarini ham qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rgan. Biroq keyinchalik AQSh vitse-prezidenti Devid Vens uchrashuvda qatnashishdan bosh tortgan.

19 iyun kuni Donald Tramp muzokaralar kechiktirilgani uchun amalda Eronni aybladi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Tehron muzokaralarga muhtoj ekanini ta’kidlab, AQSh keyingi 60 kunlik jarayon qanday kechishini belgilashini yozdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan kelishuv loyihasida Eronni tiklash uchun xususiy investitsiya jamg‘armasi orqali 300 milliard dollar ajratish, shuningdek, mamlakatning muzlatib qo‘yilgan 24 milliard dollarlik aktivlarini ozod qilish masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid