Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeTTB ko‘magida temiryo‘l harakatini boshqarish tizimi yangilanadi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJda raqamli transformatsiya dasturini amalga oshirish uchun 38,4 million yevrogacha mablag‘ ajratadi. Loyiha temiryo‘l harakatini boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish, xavfsizlikni kuchaytirish va yuk hamda yo‘lovchi tashish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
YeTTB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha bankning O‘zbekiston davlat sektorida raqamlashtirishga qaratilgan ilk tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Moliyaviy ko‘mak mamlakat milliy temiryo‘l operatori — “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga harakatni boshqarish va tashish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, kiberxavfsizlik tizimlarini takomillashtirish imkonini beradi.
Loyiha doirasida dispetcherlik, harakat jadvalini tuzish va tezkor boshqaruv kabi hozircha qo‘l mehnatiga asoslangan jarayonlar zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan almashtiriladi. Bu esa temiryo‘l infratuzilmasidan samarali foydalanish, operatsiyaviy xarajatlarni qisqartirish hamda xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yangi kiberxavfsizlik tizimlari xalqaro standartlar asosida joriy etiladi. Bu temiryo‘l tarmog‘ining barqaror ishlashi, ma’lumotlar xavfsizligi va transport tizimining ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi.
YeTTB ta’kidlashicha, raqamli transformatsiya dasturi temiryo‘l sohasida yangi standartlarni shakllantirishga xizmat qilib, O‘zbekistonning muhim transport yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘ylab yuk va yo‘lovchi tashuvlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston temiryo‘llari” mamlakat bo‘ylab minglab kilometr temiryo‘l tarmog‘ini boshqaradi va respublika yuk tashuvlarining katta qismini amalga oshiradi. YeTTB esa bugunga qadar O‘zbekistonda 210 ta loyihaga qariyb 6,9 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan bo‘lib, mamlakat so‘nggi olti yil davomida Markaziy Osiyoda bank mablag‘larining eng yirik qabul qiluvchisi bo‘lib kelmoqda.
Mavzuga oid
17:52 / 18.06.2026
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan keng ko‘lamli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
08:30 / 18.06.2026
Qaysi davlatlarda yuqori tezlikdagi temiryo‘llar eng rivojlangan?
08:30 / 16.06.2026
Alp tog‘laridan dengiz tubigacha: dunyodagi 7 eng uzun temiryo‘l tunneli
10:50 / 12.06.2026