Jahon | 13:28
1449
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron sulhi: kim nimaga erishdi?

Yaqin Sharqda uch yarim oy davom etgan urush memorandum imzolanishi bilan yakunlandi. Yakunda aksariyat tahlilchilar AQSh va Isroil strategik maqsadlariga erisha olmaganini aytmoqda. Eron jiddiy talafot ko‘rganiga qaramay, aksariyat jabhalarda pozitsiyalarini saqlab qola oldi.

Siyosiy tahlilchilar mavzu yuzasidan Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

AQSh va Isroil Eronga qarshi urushni nima maqsadda boshlagandi va yakunda bularning qanchasiga erishdi?

Oybek Sirojov: AQSh va Isroil ushbu urushda ko‘zlagan asosiy maqsadlarining aksariyatiga erisha olmadi. Birinchi va eng muhim maqsad – Eronda G‘arb, xususan AQSh manfaatlariga yaqin yoki uning siyosiy ta’sir doirasida faoliyat yuritadigan hukumat shakllanishiga erishish edi. Urush oqibatida Eron jamiyati ichida keskin norozilik kuchayishi, siyosiy rahbariyat zaiflashishi va buning natijasida hokimiyat almashishi kutilgan edi. Biroq bu ssenariy amalga oshmadi.

Ikkinchi maqsad – neft bozori ustidan ta’sirni kuchaytirish va global narxlarni nazorat qilish bilan bog‘liq edi. Bu borada ham AQSh kutilgan natijaga erisha olmadi.

Urush davomida prezident Tramp “Eron endi hech qachon yadro quroliga ega bo‘la olmaydi”, degan bayonot bilan buni o‘zining muhim yutug‘i sifatida ko‘rsatishga urindi. Ammo bu masala hanuz ochiqligicha qolmoqda. Aslida hozirgacha Eron yadro quroli yaratishga intilmayotganini aytib keladi. Aksincha, islom respublikasi rahbari Ali Xominaiy yadro qurolini ishlab chiqish va unga egalik qilish islom nuqtayi nazaridan harom ekani haqida fatvo chiqargan.

Albatta, Eronning uranni 60 foizgacha boyitgani xalqaro hamjamiyatda turli savollarni yuzaga keltirmoqda. Biroq Tehron buni ilmiy tadqiqotlar, tibbiyot va atom energetikasi ehtiyojlari bilan izohlaydi. Shu bois bu masala hanuz xalqaro ekspertlar o‘rtasida bahsli mavzu bo‘lib qolmoqda.

Yana bir muhim masala – Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatdir. Bu – xalqaro savdo yo‘laklari va strategik bo‘g‘ozlar ustidan nazorat masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Natijada boshqa davlatlar ham shunday transport yo‘laklarida o‘z manfaatlarini faolroq ilgari surishga intilishi mumkin.

Shu bilan birga, urush Eron uchun juda katta iqtisodiy va infratuzilmaviy zarar keltirdi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat hududiga 20 mingdan ortiq zarba berilgan. Natijada infratuzilma, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga jiddiy talafot yetdi. Bu zararning oqibatlari yaqin yillarda ham sezilishi ehtimoldan xoli emas.

Shuhrat Rasul: Biroq bu yerda “AQSh o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarning birortasiga ham erisha olmadi”, degan xulosaga kelish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki urush boshlanishidan avval Masqatda o‘tkazilgan muzokaralarda AQShning asosiy talabi Eronning yadro dasturini cheklash va uranni qurol darajasida boyitishni to‘xtatish edi. Memorandumda aynan shu masalalar o‘z aksini topgan.

Xususan, hujjatning 10-bandida Eron yadroviy faoliyatining AEXA nazorati ostida bo‘lishi alohida belgilangan. Aynan shu jihatga tayangan holda prezident Tramp o‘zini g‘olib sifatida ko‘rsatmoqda. U ichki siyosatda, jumladan noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan, “Eronni yadro qurolidan voz kechishga majbur qildim”, degan tezisni ilgari surishi tabiiy.

Shunga qaramay, AQSh barcha strategik maqsadlariga erishdi, deyish ham noto‘g‘ri. Asosiy maqsadlardan biri Eronda siyosiy hokimiyatni almashtirish va G‘arb manfaatlariga yaqin hukumatni shakllantirish edi. Bu reja amalga oshmadi. Ba’zi tahlilchilar bu ssenariyni Venesuela tajribasi bilan qiyoslaydi. Biroq Eronda bunday model ishlamadi. Mamlakat suverenitetini saqlab qoldi va tashqi bosim orqali siyosiy tizimni o‘zgartirishning imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, memorandumda AQSh va uning ittifoqchilari Eron iqtisodiyotini tiklash uchun 300 milliard dollar miqdorida yordam ko‘rsatishi qayd etilgan. Biroq bu mablag‘ning qanday shaklda, qaysi davlatlar tomonidan va qanday mexanizm asosida ajratilishi hozircha ochiq qolmoqda. Shu bois bu bandning amaliy ijrosi haqida aniq xulosa qilishga hali erta.

Yana bir muhim jihat shundaki, Eron rahbariyati urush davomida juda og‘ir yo‘qotishlarga duch keldi. Yuqori martabali harbiy va siyosiy amaldorlar, ularning ayrim oila a’zolari halok bo‘ldi. Shunga qaramay, Tehron keskin eskalatsiyani davom ettirish o‘rniga, murosa yo‘lini tanladi. Bu, avvalo, mamlakat manfaatlarini va uzoq yillardan beri sanksiyalar ostida qolayotgan iqtisodiyotni hisobga olgan pragmatik qaror edi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Tayyorlagan Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid