Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiya jurnalistlari ish tashlash bilan tahdid qilmoqda
Chexiya poytaxti Pragada minglab fuqarolar davlat ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish tizimini o‘zgartirish rejalariga qarshi namoyishga chiqdi. Norozilik aksiyasi mamlakat bosh vaziri Andrey Babish hukumati tomonidan ilgari surilgan qonun loyihasi ortidan tashkil etildi.
Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, «Chexiya radiosi» va «Chexiya televideniyesi»ni moliyalashtirishning amaldagi tizimi bekor qilinishi mumkin. Hozirda ushbu OAV asosan maxsus abonentlik (litsenziya) to‘lovlari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi tartib esa ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjeti mablag‘lari hisobiga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Norozilik ishtirokchilari va jurnalistlar uyushmalari fikricha, bunday o‘zgarish davlat OAVning mustaqilligiga xavf tug‘dirishi mumkin. Ular hukumat mablag‘ ajratish orqali tahririyat siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib qolishidan xavotir bildirmoqda.
Ish tashlash qo‘mitasi raisi Yan Krjyemen qonun loyihasini «shoshilinch tayyorlangan va ko‘p jihatdan jurnalistika manfaatlariga qarshi hujjat» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan islohotning asosiy maqsadi OAVni siyosiy nazorat ostiga olishdan iborat.
Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan raqamlarga ko‘ra, «Chexiya radiosi» uchun davlat budjetidan 2,07 milliard chex kronalari (85,6 million yevro) ajratilishi rejalashtirilgan. Bu amaldagi tizimda yig‘iladigan mablag‘dan 410 million kron kam hisoblanadi.
«Chexiya televideniyesi» esa 2027 yilda budjetdan 5,74 milliard kron (237,5 million yevro) olishi mumkin. Holbuki, amaldagi litsenziya to‘lovlari saqlanganda telekanal 6,73 milliard kron (278,4 million yevro) mablag‘ olishi kutilgan edi.
«Chexiya radiosi» bosh direktori Rene Zavoral hukumat taklifini jiddiy kamchiliklarga ega deb baholadi. Madaniyat vaziri Oto Klempirj esa qonun loyihasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilishini va’da qildi.
21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan aksiya Pragadagi «Chexiya televideniyesi» binosi oldida tashkil etildi. Namoyishchilar Chexiya bayroqlarini ko‘tarib, davlat OAV mustaqilligini saqlab qolish talabini ilgari surdi.
Jurnalistlar esa keyingi kunlarda ogohlantiruvchi ish tashlash aksiyasini o‘tkazish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.
Qonun loyihasi tanqidchilari ushbu o‘zgarishlar hukumatga davlat OAV ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini berishini ta’kidlamoqda. Ular bu holatni Slovakiyada Robert Fitso va Vengriyada Viktor Orban hukumatlari davrida kuzatilgan media siyosati bilan qiyoslamoqda.
Mavzuga oid
09:38 / 12.06.2026
JCh-26. Koreyslar kambek amalga oshirdi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
09:14 / 27.05.2026
Chexiyalik fuqaro Eurojackpot lotereyasida 120 mln yevro yutdi
22:01 / 26.05.2026