O‘zbekiston | 11:37
2376
3 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin

O‘zbekistonda hafta davomida kunduzi harorat +33…+38, janubda esa +44 darajagacha ko‘tariladi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Dushanba kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Seshanba kuni faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida, chorshanba kuni esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Payshanba-juma kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Respublika hududining katta qismida ish haftasi davomida havo harorati +33…+38 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +41…+44 darajagacha bo‘ladi.

Shimoli-g‘arbiy hududlarda bugun kunduzi juda issiq bo‘ladi, cho‘l hududlarda esa 22–23 iyun kunlari +41…+44 darajagacha bo‘lishi kuzatiladi. Keyinchalik havo harorati 4–6 darajaga pasayadi.

Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida dushanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi +34…+36 daraja bo‘ladi. 23 iyunda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kunduzi +36…+38 daraja bo‘ladi.

24 iyunda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +34…+36 daraja bo‘ladi. 25–26 iyun kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +36…+38 daraja bo‘ladi.

Kechalari harorat +23…+25 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10–12 metr/soniyagacha kuchayadi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid