O‘zbekiston | 14:38
926
2 daqiqa o‘qiladi

Liftlar xavfsizligi bo‘yicha yangi nizom qabul qilindi

O‘zbekistonda liftlar va lift xavfsizlik qurilmalarining texnik talablarga muvofiqligini baholash tartibini belgilaydigan yangi nizom tasdiqlandi. Hujjat liftlar xavfsizligini ta’minlash va ularning sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.

Foto: Kun.uz

Hukumatning 2026 yil 19 iyundagi 316-son qarori bilan «Lift va lift xavfsizlik qurilmalarining muvofiqligini baholash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjat liftlar hamda ularning xavfsizlik qurilmalarini baholash tartib-taomillarini belgilab beradi. Nizom «Lift va lift qurilmalarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga asoslangan.

Yangi tartibga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan talablar bajarilgan taqdirda lift xavfsizlik qurilmalariga Milliy muvofiqlik belgisini qo‘llashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, Milliy muvofiqlik belgisi tayinlangan organning maxsus reyestridagi xos raqam bilan birgalikda qo‘yilishi shart. Bu mahsulotning belgilangan talablarga javob berishini tasdiqlaydi.

Nizomda lift xavfsizlik qurilmalarini baholashning bir nechta mexanizmlari nazarda tutilgan. Ular orasida tasdiqlangan turga muvofiqlikni kafolatlovchi sifat tizimini baholash, ishlab chiqarishdagi keng qamrovli sifat nazoratini tekshirish hamda mahsulotlarni belgilangan muddatlarda qayta baholash tartiblari mavjud.

Tayinlangan organlar o‘tkazilgan baholash, tekshirish va sinov natijalari bo‘yicha maxsus hisobot tayyorlaydi. Agar lift yoki xavfsizlik qurilmasi asosiy xavfsizlik talablariga javob bersa, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi nizom liftlardan foydalanish xavfsizligini oshirish va sohada yagona texnik standartlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid