O‘zbekiston | 20:01
1924
2 daqiqa o‘qiladi

Qurg‘oqchil havo: jazirama hafta fermerlar uchun qanday xavflar tug‘diradi?

22–28 iyun kunlari havo harorati ayrim hududlarda +44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ayrim joylarda jala yog‘inlar kuzatilsa-da, yuqori harorat, past namlik va kuchli shamollar ta’sirida qishloq xo‘jaligi uchun asosiy xavf havo qurg‘oqchiligi bo‘lib qoladi.

Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.

O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, 22–28 iyun kunlari respublika hududlarida bir necha kun davomida jazirama issiqlar kuzatilishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda qisqa muddatli jala yog‘ishi mumkin, ammo ular namlik tanqisligini sezilarli darajada kamaytira olmaydi.

Mutaxassislarning fikricha, haftaning asosiy agrometeorologik xususiyati havo qurg‘oqchiligining kuchayishi bo‘ladi. Yuqori harorat, nisbiy namlikning pasayishi va ayrim joylarda kuchli shamollar ta’sirida bug‘lanish jadallashib, o‘simliklarda suv stresslari ortishi mumkin.

Eng yuqori xavf hafta boshida shimoliy hududlarda, hafta o‘rtasida janubda, hafta oxiriga kelib esa respublikaning katta qismida kuzatilishi ehtimol qilinmoqda. Bunday muhit:

- paxtada shona va gullarning to‘kilishi xavfini oshirishi,

- sabzavot va poliz ekinlarida meva tugishi hamda rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Chorvachilik sohasida ham issiqlik stressi kuchayib, hayvonlarning suvga bo‘lgan ehtiyoji ortishi va mahsuldorlik pasayishi ehtimoli mavjud. Mutaxassislar sug‘orish ishlarini imkoni qadar kechki va tungi soatlarda amalga oshirishni tavsiya etmoqda.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid