Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiya «Tolibon» vakillariga viza berdi
Belgiya hukumati «Tolibon» harakatining besh nafar vakiliga mamlakat hududiga kirish uchun qisqa muddatli viza berdi. Ular Yevropa Ittifoqida Afg‘onistonga deportatsiyalar masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etish uchun Bryusselga taklif qilingan.
Bu haqda Belgiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Odri Jake ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur vizalar bir kunlik bo‘lib, faqat Belgiya hududida amal qiladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan «Tolibon» vakillarining aniq tashrif sanasi oshkor etilmagan.
Reuters agentligi Yevropa Ittifoqining ikki nafar amaldoriga tayanib xabar berishicha, delegatsiya 23 iyun kuni Bryusselga kelishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi may oyidayoq «Tolibon» vakillarini texnik darajadagi muzokaralarga taklif qilgan. Uchrashuvda Yevropa davlatlarida qonuniy yashash huquqiga ega bo‘lmagan va xavfsizlikka tahdid sifatida baholanayotgan afg‘on fuqarolarini vatanlariga qaytarish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2013–2024 yillar davomida Afg‘oniston fuqarolari Yevropa Ittifoqi davlatlarida bir milliondan ortiq boshpana so‘rab murojaat qilgan. Ularning qariyb yarmiga qochqin maqomi berilgan. 2025 yilda ham afg‘onlar Yevropa davlatlariga eng ko‘p boshpana so‘rab murojaat qilgan millatlardan biri bo‘lib qolmoqda.
2021 yil avgust oyida «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganiga qaramay, bugungi kunda Yevropa Ittifoqining qariyb 20 davlati afg‘on fuqarolarini vatanlariga deportatsiya qilish amaliyotini davom ettirmoqda.
Biroq huquqni himoya qilish tashkilotlari bu siyosatni keskin tanqid qilib kelmoqda. Ularning ta’kidlashicha, deportatsiya qilingan shaxslar Afg‘onistonda ta’qiblar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish holatlari va qiynoqlarga duch kelishi mumkin. Ayniqsa, ayollar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va sobiq davlat xizmatchilari yuqori xavf ostida qolmoqda.
Germaniyaning o‘zi 2024 yildan buyon yuzdan ortiq Afg‘oniston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborgan.
Mavzuga oid
16:44 / 22.06.2026
Yaponiya viza narxini besh barobarga oshiradi
17:54 / 10.06.2026
Pokiston Afg‘oniston bo‘ylab havo zarbalari berdi: 26 kishi halok bo‘lgan
17:37 / 09.06.2026
Afg‘onistonda davlat xizmatchilariga smartfondan foydalanish taqiqlandi
09:00 / 03.06.2026