O‘zbekiston | 18:40
2336
11 daqiqa o‘qiladi

Falajlikda o‘tgan 4 yil yoxud Islomov rahbarligi davrida sud tizimi

2022 yil 10 avgust. Senat Baxtiyor Islomovni O‘zbekiston Oliy sudi raisi etib sayladi. Yuqori martabali amaldorning bu lavozimga kelishi ko‘plarda “endi odil sudlovda yaxshi o‘zgarishlar bo‘ladi” degan umid uyg‘otgan edi. Ammo o‘tgan qariyb 4 yil mobaynida sudlar mustaqilligi va odamlarning odil sudlovga ishonchini mustahkamlash borasida aytarli ish qilinmagani ayon bo‘lmoqda. Kun.uz Islomov davrida tizim qanday ishlagani haqida soha odamlarining fikrlarini jamladi.

“Oliy sudgacha boraman”

O‘zbekiston Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. Qonunchilikka ko‘ra, Oliy sud o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi. Shu bois sudga ishi tushgan odam borki, suddan norozi bo‘lsa, “kerak bo‘lsa Oliy sudgacha boraman”, deydi.

O‘sha Oliy sudga esa rais rahbarlik qiladi.

2022 yil 10 avgustda Senat Baxtiyor Islomovni O‘zbekiston Oliy sudi raisi etib sayladi. Ortda qolgan qariyb 4 yil davomida u adolat tarozisi pallasini teng tutishi lozim bo‘lgan bu idora raisligini qanchalik uddaladi? Sud hokimiyatidagi muammolar yechimi doirasida o‘zgarishlar qila bildimi? Shu savollar atrofida soha odamlarining fikrlari bilan qiziqdik.

Qanday vakolatlarga ega?

Avvalo, Oliy sud raisi lavozimi haqida: bu butun mamlakatda odil sudlovni amalga oshirish va sudlar mustaqilligini ta’minlashda ta’sirga ega bo‘lgan lavozim hisoblanadi. Uning vakolatlari “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda aniq belgilab qo‘yilgan.

Oliy sud raisi ushbu idora faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi.

Oliy sud raisida ishni taftish tartibida ko‘rish zarurligi haqidagi masalani hal etish uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda sud ishlarini talab qilib olish, ishni taftish tartibida ko‘rish to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan tartibda protest kiritish, sudlarning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ijrosini qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘xtatib turish, ishni bir suddan boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani hal qilish vakolatlari bor.

Shuningdek, u Oliy sud Plenumi va Rayosatini chaqiradi hamda ularning majlislarida raislik qiladi. O‘z o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, Oliy sud apparatining xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish yoki bekor qilish, Sudyalar oliy kengashi bilan kelishilgan holda sudlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish, buyruqlar va farmoyishlar qabul qilish kabi vakolatlarga ham ega. 

Islomov davri: falajlikda o‘tgan 4 yil

Baxtiyor Islom davridagi muhim islohotlardan biri taftish instansiyasining joriy etilgani bo‘ldi. Bu qanchalik o‘zini oqlagani yoki oqlamagani haqida hozircha aniq tahlillar yo‘q. Ammo u yaratgan ba’zi muammolar bot-bot ko‘zga tashlanib turadi.

Ma’lumot uchun, birinchi instansiya sudining qaror yoki ajrimidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya (kassatsiya) tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi” deya baland minbarlardan aytilgandi.

Ammo unday bo‘lib chiqmadi. O‘rtaga “deyarli hech narsani hal qilmaydigan” bitta ortiqcha instansiya qo‘shilgani va oddiy odamlar uchun Oliy sudning eshiklari deyarli yopilgani qoldi.

Nega? Tushuntirishga harakat qilamiz

Shartli “G‘aniyev” o‘ziga chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya tartibida viloyat sudiga shikoyat kiritdi. Ishni Saidov, Hamidov va Ortiqovdan iborat uchlik apellyatsiyada ko‘rib, ajrim chiqaradi.

G‘aniyev bu uchlikning ajrimidan ham norozi bo‘lib, endi taftishga shikoyat qiladi.

Taftish kim deysizmi? Apellyatsiyani ko‘rgan Saidov, Hamidov va Ortiqov bilan bir xonada o‘tiradigan boshqa bir uchlik – Karimov, Halimov va Nabiyeva.

Tabiiyki, G‘aniyev bir tom ostida, nari borsa, qo‘shni xonalarda o‘tirib ishlaydigan 6 hamkasbning turli sanalarda chiqargan ikki ajrimidan rozi bo‘lmasligi aniq.

Muammo shu yerda yanada murakkablashadi. Chunki endigi bosqich Oliy sudning taftish instansiyasi.

Ammo Islomov davrining yozilgan yoki yozilmagan qoidalari bilan bu darvozaga katta “qulf osildi” – G‘aniyevning tuman va viloyatdan norozi bo‘lib, Oliy sudga taftish tartibida yo‘llagan shikoyati ko‘rishga shunchaki qabul qilinmay qo‘ydi. Arizani qo‘liga olgan sudyaning kompyuterida shablon bor: “quyi instansiya sudlarining hukmi (qaror yoki ajrimi)ni Oliy sudning taftish instansiyasida ko‘rib chiqishga asoslar topilmadi”.

Kun.uz suhbatlashgan soha odamlarining aytishicha, bu instansiyaga ishni ko‘rish uchun tayinlanishiga erishish shunchaki yuz bermaydi:

“Iltimos”, tanish-bilish, korrupsiya… Bu masala fakatgina Oliy sud raisining roziligi bilan hal bo‘ladigan amaliyotga aylantirilgan, ya’ni buning uchun dastlab rais o‘rinbosari, keyin rais qabuliga kirish kerak, shunda ham masalani qabulda shartli “G‘aniyev” tushuntirib, yetkazib bera olishiga bog‘liq bo‘ladi. Buni zamonaviy huquqiy davlatdan normal holat deb qabul qilib bo‘lmaydi”.

“Sudga aralashish bor”

Tizim vakillari sudlar faoliyatiga aralashish, odil sudlovga soya solish holatlari o‘zgarishsiz qolganini ta’kidlamoqda. 

Sud mustaqilligi deyarli yo‘q, sudyalar qonunga rioya qilishdan ko‘ra, “yuqori” (nazoratga olgan organ yoki shaxs – tahr.)ning ixtiyoriga qarshi bormaslikni afzal bilishmoqda. Sudga aralashish bor, buni hech kim inkor etmaydi. Ammo biror sudya “mening ishimga aralashuv bo‘lyapti, deb arz qilmaydi”, deydi sud tizimida ishlovchi manba.

Albatta, sud faoliyatiga aralashish adolatsiz sud qarorlari chiqarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Har bir sud hujjati ortida esa bir inson taqdiri bor.  

Sudlarda shaffoflik ta’minlanmadi

Ko‘p vaqtlardan buyon sud protsesslarini audio va video shaklida yozib borishni majburiy qilish haqida takliflar bildirib kelinadi.

Xalqaro tajribada sud majlisi bayonnomasi qanday yozilayotganini taraflar (sud protsessi ishtirokchilari) ko‘rib turadi. Sud majlisi kotibining yozuvlari onlayn vaqt rejimida monitorga chiqib turishi, gapirilayotgan gaplarning barchasi bayonnomaga muhrlab borilayotganiga manfaatdor tomonlar ishonch hosil qilib turishi lozim.

Ushbu amaliyot yo‘qligi bois, protsessdagi vaziyat bir yon, kotib yozgan bayon bir yon bo‘lib qolmoqda. Fakt shuki, bayonnoma ham sud yakunlanib, hukm (qaror) e’lon qilingach sudya qabul qilgan qarorga moslab qayta yozib qo‘yiladi. Bu esa hukmlar qonunlarda belgilanganidek emas, sudya o‘zi istaganidek yozilishiga zamin yaratib bermoqda.

Raqamlashtirish ham “muzladi”

2025 yil uchun davlat dasturida “SMART SUD” konsepsiyasi asosida ishlarni bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklda yuritish amaliyotini joriy qilish vazifasi yuklangandi.

Ammo Kozim Komilov davrida boshlangan raqamlashtirish Islomov davriga kelib deyarli bir nuqtada qotib qoldi. Buni Kun.uz suhbatlashgan manbalar quyidagicha ta’riflaydi:

Advokat:

“Sud qarorlarini ochiq platformaga yuklamaslik holatlari juda ko‘p. Qaysidir tuman sudi tartibli va tizimli yuklaydi. Qaysilari esa umuman yuklamaydi. Hukm va qarorlarni o‘z vaqtida ololmay ko‘p kutishimizga, sarson bo‘lishimizga sabab bo‘ladi”.

Sudya:

“Adolat axborot komplekslari tizimi ham yomon ishlaydi. Masalan, telefon yaxshi ishlamay qoladi. Ko‘pincha internet tezligida muammolar takrorlanaveradi. Baza qotib qolaveradi. Videokonferens-aloqa vositalari va imkoniyatlari ko‘paytirilsa, yanada odamlarning sarson bo‘lishlari oldi olinardi”.

Sud majlislari hech qachon o‘z vaqtida boshlanmaydi

Eski epoxadan beri saqlanib qolayotgan yana bir muammo – sudlardagi kutishlar haqida gapiradi suhbatdoshimiz. 

Eski epoxaning klassik muammosi yangi davrda ham barham topmadi: sud protsesslari juda kamdan kam holatlardagina o‘z vaqtida boshlanadi. Aksariyat paytlar 2-3 soatlab, bo‘lmasa yarim kunlab navbat kutiladi. Bir ish kuni davomida sud majlisi boshlanishini kutib, boshqa kunga qoldirib yuborilgan holatlar ham bo‘ladi”, deydi Kun.uz suhbatlashgan advokat.

Oliy sudga yangi rais

Senat qarori bilan Robaxon Mahmudova Oliy sudga rais etib saylandi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva uni tanishtirar ekan, jamiyatda qonunsizlik va korrupsiyaga aslo o‘rin qolmasligi shartligini ta’kidladi.

Prezidentimiz tomonidan qayta-qayta ta’kidlanganidek, odamlar sudga oxirgi umid sifatida keladi. Agar inson suddan adolat topmasa, davlatga bo‘lgan ishonchi ham zaiflashadi. Shuning uchun har bir sudya o‘z faoliyatiga nafaqat huquqiy, balki katta ma’naviy mas’uliyat sifatida ham qarashi shart.

Asosiy maqsadimiz – sudlarni yangi O‘zbekistonning adolat qo‘rg‘oni, tom ma’nodagi haqiqat ustuniga aylantirish. Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson yangi O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak. Bu – prezidentimiz talabi”, dedi Saida Mirziyoyeva.

Aslida, sud tizimida yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Tahririyat suhbatlashgan soha vakillari Oliy sudning yangi raisidan sudlar mustaqilligini ta’minlash hamda tizimdagi kamchiliklarni to‘la bartaraf qilish borasida ijobiy o‘zgarishlar kutayotganini ma’lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid