Jahon | 08:53
620
2 daqiqa o‘qiladi

Starmer iste’fosidan so‘ng YeI – Buyuk Britaniya sammiti qoldirildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning iste’foga chiqishini e’lon qilishi ortidan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasida 22 iyun kuni Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit qoldirildi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari Londonda hukumat rahbari almashishi munosabati bilan uchrashuvning yangi sanasini belgilash ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Foto: AP

Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaning ta’kidlashicha, sammitga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada ishonch va faollik bilan olib borilgan. Biroq Buyuk Britaniyadagi siyosiy vaziyat o‘zgargani bois uchrashuvni keyinroq o‘tkazishga qaror qilingan.

Koshta Kir Starmerning Yevropa bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan siyosatini yuqori baholab, uning vorisi ham shu yo‘nalishni davom ettirishiga umid bildirgan. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ham shunday fikrni bildirib, Starmerning YeI va Buyuk Britaniya o‘rtasida ishonchga asoslangan yangi munosabatlar shakllanishiga hissa qo‘shganini ta’kidlagan.

Bayonotlar Moldova prezidenti Mayya Sandu ishtirokidagi qo‘shma matbuot anjumanida yangradi. Sandu o‘z navbatida Yevropa Ittifoqi kelajakda yanada kengayishi tarafdori ekanini bildirib, Ukraina, Moldova, G‘arbiy Bolqon davlatlari va Buyuk Britaniya bilan yaqin hamkorlik muhimligini qayd etgan.

Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror mamlakatdagi past reytinglar va siyosiy bosimlar ortidan qabul qilingan. Starmer Leyboristlar partiyasi rahbarligidan ketishini, ammo yangi rahbar saylangunga qadar bosh vazir vazifasini bajarib turishini aytgan.

Siyosatchiga nisbatan bosim may oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda Leyboristlar partiyasining kutilgan natijani qayd eta olmaganidan keyin kuchaygan. Shuningdek, uning siyosatidan norozi bo‘lgan ayrim vazirlarning iste’fosi va partiyadosh raqibi Endi Byornemning qo‘shimcha parlament saylovidagi muvaffaqiyati ham Starmerning qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatgan omillar sifatida baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid