Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliq qo‘mitasi bank sirlariga keng miqyosda kirish imkoniyatini olmoqchi
Soliq qo‘mitasi banklarga mijozlari haqidagi ko‘plab axborotlarni uzatib turish majburiyatini yuklovchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Kartasiga boshqa jismoniy shaxslardan oyiga 206 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar soliq organiga taqdim etib borilishi ilgari surilyapti. Tadbirkorlarning hisobiga naqd yoki terminal orqali har qanday summadagi tushumlar va ularning yirik operatsiyalari haqidagi ma’lumotlar ham soliq organida jamlanishi mumkin.
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi “Banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga (depozitlariga) oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasini (hukumat qarori shaklida) jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihada “Bank-soliq” nomli avtomatlashtirilgan axborot almashish modulini ishlab chiqish va joriy etish masalasi ilgari surilgan.
Banklarga bu modul orqali mijozlarning muayyan moliyaviy operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organiga taqdim etib borish majburiyatini yuklash taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jismoniy shaxsning bank kartasiga boshqa jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan (bundan yaqin qarindoshlar mustasno) kalendar oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng (206 mln so‘m) yoki undan oshadigan umumiy summada mablag‘lar kelib tushganda, banklar tegishli ma’lumotlarni 1 ish kuni ichida soliq organiga taqdim etadi. Bunda jismoniy shaxsning o‘ziga tegishli kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalar hisobga olinmaydi.
Bundan tashqari, banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlariga naqd pul mablag‘lari va to‘lov terminallari orqali tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham tegishli hodisa ro‘y bergan kundan e’tiboran 1 ish kuni ichida soliq organiga taqdim etishi nazarda tutilyapti. Bu yerda gap istalgan summa yoki sondagi tushumlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin – loyihada biror chegaraviy miqdor ko‘rsatilmagan.
Qolaversa, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan yirik miqdordagi operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham tegishli hodisa ro‘y bergan oyning 10-, 20- va oxirgi kuni sanasida soliq organiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Bunda:
-
yuridik shaxslarning operatsion kun davomida BHMning 1000 baravari (412 mln so‘m)dan oshgan miqdordagi operatsiyalari;
-
YaTTlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarning operatsion kun davomida BHMning 500 baravari (206 mln so‘m)dan oshgan miqdordagi operatsiyalari;
-
yuridik shaxslar va YaTTlarning operatsion kun davomida BHMning 500 baravaridan oshgan miqdordagi olgan naqd pullari bo‘yicha ma’lumot taqdim etiladi.
Yuridik shaxslar, YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning “yirik miqdordagi operatsiyalari”ni belgilashda quyidagilar istisno qilinadi: davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar, valuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq to‘lovlar, chet el valutasidagi va 232XX-son hisobvaraqlardagi operatsiyalar (naqd pul berish bundan mustasno), budjet tashkilotlarining hisobvaraqlaridan oylik ish haqi berish bilan bog‘liq operatsiyalar.
Hujjat loyihasida quyidagi ma’lumotlarni ham soliq organiga muntazam taqdim etib borish taklif etilgan:
-
har qanday yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning hisobvarag‘i yoki omonati (depoziti) ochilganligi (yopilganligi), hisobvarag‘i yoki omonati (depoziti) rekvizitlarining o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tegishli hodisa ro‘y bergan kundan e’tiboran 3 kun ichida);
-
qonun hujjatlariga muvofiq undirilmaydigan maxsus bank hisobvaraqlari bo‘yicha qoldiqlar va aylanmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tegishli hodisa ro‘y bergan oydan keyingi oyning 5-sanasiga qadar);
-
O‘zbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslariga jismoniy shaxslar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (shaxsga doir ma’lumotlar ko‘rsatilmagan holda, tegishli hodisa ro‘y bergan oydan keyingi oyning 10-sanasiga qadar).
Loyihada ko‘rsatilishicha, mazkur Nizomda ko‘rsatilgan axborotlar (ma’lumotlar) soliq siri hisoblanadi va undan Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solish masalalari yuzasidan foydalaniladi, ularning oshkor qilinishi yoki shaxsiy maqsadda yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlari yo‘lida foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
“Banklar tomonidan axborotlarni (ma’lumotlarni) taqdim etmaslik, shuningdek, belgilangan muddatni buzgan holda yoki noto‘g‘ri taqdim etishda, shuningdek, soliq organlari tomonidan asossiz, takroriy va noqonuniy so‘rov yuborishda hamda ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”, – deyilgan hujjat loyihasida.
Hukumat qarori shaklidagi hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 8 iyulgacha davom etadi.
Mavzuga oid
17:42
Naqdi shirin yoxud naqd pulsiz siyosatning huquqiy tomoni
17:43 / 23.06.2026
Toshkentning 4 ta tumanida soliq inspeksiyalari rahbarlari o‘zgardi
10:30 / 23.06.2026
Maoshni konvertda beradigan ish beruvchiga qanday jazo bor?
09:10 / 21.06.2026