Jahon | 08:23
954
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda qahvani eng ko‘p qaysi mamlakatlar iste’mol qiladi?

Qahva dunyodagi eng mashhur ichimliklardan biri bo‘lib, millionlab insonlar kunni aynan shu ichimlik bilan boshlaydi. Ammo qahva iste’moli mamlakatlar kesimida katta farq qiladi. Yangi reytingga ko‘ra, Finlandiya aholi jon boshiga qahva iste’moli bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagan.

Foto: Marathonec.ru

Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, har bir fin fuqarosi bir yilda o‘rtacha 9,6 kilogramm qahva iste’mol qiladi. Qahva Finlandiya madaniyatining ajralmas qismiga aylangan bo‘lib, hatto mehnat qonunchiligida xodimlar uchun ikki marta o‘n daqiqalik qahva tanaffusi nazarda tutilgan. Mutaxassislar bu holatni mamlakatning sovuq iqlimi va uzoq qish fasli bilan ham bog‘laydi.

Ikkinchi o‘rindan Norvegiya joy olgan. Bu mamlakatda bir kishi yiliga o‘rtacha 7,2 kilogramm qahva ichadi. Norvegiyaliklar qahvani asosan qora holda, nonushta paytida yoki kechki ovqatdan keyin shirinliklar bilan birga iste’mol qiladi. Mamlakatda mehmon chaqirish va qahva ustida suhbatlashish alohida an’ana hisoblanadi.

Uchinchi pog‘onada Niderlandiya qayd etilgan. Bu yerda aholi jon boshiga o‘rtacha 6,7 kilogramm qahva to‘g‘ri keladi. Qahva mamlakat ijtimoiy hayoti va kundalik muloqotining muhim qismi sifatida qaraladi.

Shvetsiya ham qahvasevar davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakat aholisi har yili o‘rtacha 6,5 kilogramm qahva iste’mol qiladi. Bu yerdagi mashhur fika an’anasi — qahva va pishiriqlar bilan qisqa dam olish marosimi shved madaniyatining muhim elementi hisoblanadi.



Beshinchi o‘rinni Sloveniya egallagan. U yerda har bir kishi yiliga o‘rtacha 6,1 kilogramm qahva iste’mol qiladi. Mamlakat qahvaxonalari va qahva madaniyati bilan Yevropada yaxshi tanilgan.

Avstriya reytingda oltinchi o‘rindan joy olgan. Bu mamlakatda aholining 92 foizi muntazam qahva ichadi. Vena qahva madaniyati esa dunyodagi eng mashhur qahva an’analaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Avstriyaliklar yiliga o‘rtacha 5,5 kilogramm qahva iste’mol qiladi.

Serbiya ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega davlatlardan biri hisoblanadi. 2021 yilda mamlakatda qahva iste’moli 99 ming tonnadan oshib, tarixiy rekord qayd etilgan.

Reytingning keyingi o‘rinlarida Daniya joylashgan. Bu mamlakatda bir kishi yiliga o‘rtacha 5,3 kilogramm qahva ichadi. Daniya tilida hatto kaffeslabberas degan maxsus atama mavjud bo‘lib, u qahva va pirog atrofidagi norasmiy uchrashuvni anglatadi.

Mutaxassislar fikricha, qahva iste’molining yuqori darajasi nafaqat iqlim sharoiti, balki milliy an’analar, mehnat madaniyati va ijtimoiy hayot tarzi bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu bois qahva ko‘plab mamlakatlarda oddiy ichimlik emas, balki madaniyat va turmush tarzining bir qismi sifatida qaraladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid