Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Infografika: qaysi mamlakat aholisi eng ko‘p qahva ichadi?
Qahva butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlarning sevimli ichimligiga aylangan. Biroq uning ommalashuvi mamlakatga qarab farq qiladi. Yangi infografikaga aholisi umri davomida eng ko‘p qahva ichadigan mamlakatlar kiritilgan.
Qahva zamonaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylangan. Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, bu ichimlik nafaqat mazali, balki foydali ham. Kofein demensiya xavfini kamaytirishi, qonda shakarning ko‘tarilishini sekinlashtirishi, shuningdek tashvish va depressiyani yengillashtirishi mumkin.
Biroq barcha mamlakatlarda ham qahva bir xil miqdorda iste’mol qilinmaydi. Cafely ma’lumotlariga ko‘ra, bir kunda eng ko‘p qahva piyolasi ichadiganlar — Lyuksemburg aholisi. Ularda bu ko‘rsatkich kuniga 5,31 finjonni tashkil etadi. Bu degani, o‘rtacha lyuksemburglik inson umri davomida 118 227 finjon qahva ichadi.
Ikkinchi o‘rinda katta farq bilan Finlandiya aholisi joylashgan. Ular kuniga 3,77 finjon qahva ichadi, bu esa butun umr davomida qariyb 84 ming finjonga to‘g‘ri keladi.
Uchinchi o‘rinni Shvetsiya egallagan — kuniga 2,59 finjon, butun umr davomida esa 58,6 mingdan ortiq finjon. Norvegiya ham deyarli shunga yaqin natija ko‘rsatgan — kuniga 2,57 finjon va umr davomida 58,2 ming finjon. Shuningdek, Avstriya va Daniyada ham o‘rtacha hisobda ikki finjondan ortiq qahva iste’mol qilinadi.
Braziliya dunyodagi asosiy qahva ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Ammo braziliyaliklar o‘zlari kuniga 1,58 finjon qahva ichadi. Reytingda ular 17-o‘rinni egallagan.
Rossiya esa qahvani eng ko‘p iste’mol qiladigan top-30 mamlakatlar qatoriga kirmagan. Biroq bir yilda rossiyaliklar 277 860 000 kilogramm qahva iste’mol qiladi.
Cafely reyting qanday tuzilganini ham tushuntirgan. Ularning aniqlashicha, bir porsiya qahva uchun o‘rtacha 10,6 gramm maydalangan qahva ketadi. Har bir mamlakatda jon boshiga kunlik qahva iste’molini hisoblash uchun mualliflar mamlakat bo‘yicha umumiy qahva iste’moli hajmini o‘sha mamlakat aholisi soniga bo‘lgan. Aholi soniga oid ma’lumotlar Wikipedia'dan olingan. Keyin bu ko‘rsatkich grammga o‘tkazilgan va 10,6 ga bo‘lingan. Olingan natija yildagi kunlar soni — 365 ga bo‘lingan.
Inson umri davomida nechta finjon qahva ichishini aniqlash uchun mualliflar odamlar qahva ichishni qaysi yoshdan boshlashi haqidagi ma’lumotlarga murojaat qilgan. Shundan keyin har bir mamlakat uchun qahva iste’mol qilish davomiyligi hisoblab chiqilgan. Buning uchun qahva ichish boshlanadigan o‘rtacha yosh kutilayotgan umr davomiyligidan ayrilgan.