Jahon | 08:30
3161
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada kuchli zilzila ro‘y berdi, Karakasda binolar quladi

Venesuelada 24 iyun kuni bir daqiqa ichida 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida poytaxt Karakasda turar joy binolari va boshqa inshootlar vayron bo‘lgan. AQSh Geologiya xizmati qurbonlar soni o‘n minglab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Foto: Manaure Quintero / AFP via Getty Images

Venesuelaning shimoliy va markaziy hududlarida mahalliy vaqt bilan 24 iyun kuni kechqurun ketma-ket ikki kuchli zilzila qayd etildi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt Karakasda ko‘p qavatli uylar va boshqa binolar qisman yoki to‘liq qulagan.

Tabiiy ofat ortidan mamlakatda favqulodda holat joriy etildi. Prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges barcha tezkor xizmatlar yuqori shaylik rejimiga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

AQSh Geologiya xizmati (USGS) dastlabki baholashiga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 10 mingdan 100 ming nafargacha yetishi mumkin. Biroq Venesuela rasmiylari hozircha qurbonlar va jabrlanganlar soni haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Ma’lum qilinishicha, birinchi zilzila mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:00 da sodir bo‘lgan va uning magnitudasi 7,2 ni tashkil etgan. Oradan bir daqiqa ham o‘tmay ikkinchi, 7,5 magnitudali zilzila qayd etilgan.

Birinchi zilzilaning episentri Karib dengizi sohilida joylashgan Moron shahridan 28 kilometr g‘arbda, Karakasdan esa taxminan 168 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i 13 kilometr chuqurlikda joylashgan. Ikkinchi zilzilaning episentri esa Morondan 16 kilometr uzoqlikda, 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.

Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloning aytishicha, yong‘in-qutqaruv xizmatlari, politsiya va boshqa maxsus bo‘linmalar vayronalarni tozalash hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini barcha imkoniyatlardan foydalangan holda davom ettirmoqda.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kuchli silkinishlardan keyin odamlar ommaviy ravishda binolarni tark etgan. Ayrim ko‘p qavatli uylarning tashqi devorlari qulagani sababli xonadonlardagi mebellar ko‘chadan ko‘rinib qolgan.

Foto: REUTERS

Ijtimoiy tarmoqlarda Karakas xalqaro aeroporti va Karib dengizi sohilidagi La-Guayra shahridagi vayronalar aks etgan videolar tarqaldi. Keyinchalik rasmiylar aeroport vaqtincha yopilganini tasdiqladi.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, asosiy zilzilalardan keyin kamida 20 ta aftershok kuzatilgan. Shu munosabat bilan mamlakat parlamentining 25 iyunga belgilangan yalpi majlisi ham bekor qilindi.

AQSh Tsunami ogohlantirish markazi dastlab Puerto-Riko, Virgin orollari hamda Aruba, Kyurasao va Bonayre orollari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan edi. Biroq vaziyat qayta baholangach, taxminan bir soat o‘tib ushbu ogohlantirish bekor qilindi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Venesuela Karib va Janubiy Amerika tektonik plitalari tutashgan seysmik faol hududda joylashgani bois, mamlakatda kuchli zilzilalar tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Ayni paytda Yaponiyaning Xonsyu oroli shimoli-sharqiy sohillari yaqinida ham 6,9–7,2 magnitudali yana bir kuchli zilzila qayd etildi. Hozircha u yerda qurbonlar yoki jiddiy vayronalar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid