Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yirik loyihalarda mahalliy qurilish materiallari ulushi oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarida mahalliy qurilish materiallaridan kengroq foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun teng raqobat sharoitini yaratish hamda soha korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import qilinadigan qurilish materiallarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘ramoqda. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham soliq imtiyozlari ularga nisbatan ham qo‘llanilsa, sifat va standartlar bo‘yicha raqobat qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga yirik loyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoit yaratish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari sohasidagi 457 ta korxonaning muddati o‘tgan kredit qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgani ham ta’kidlandi. Bunga mahsulot tannarxining yuqoriligi va ayrim mahsulotlar bozor talabiga to‘liq javob bermayotgani sabab qilib ko‘rsatildi.
Prezident har bir korxonani alohida o‘rganib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqishni hamda bu maqsad uchun 50 million dollarlik moliyaviy resurs ajratishni topshirdi. Mazkur mablag‘lar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, tannarxni pasaytirish va bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, yaqinda qabul qilingan ikki yillik dastur doirasida 34 ta yirik turizm obekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan 200 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Davlat rahbari hududlarda barpo etiladigan mehmonxonalarda mahalliy qurilish materiallari ulushini kamida 95 foizga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun kelgusi yil yakuniga qadar lok-bo‘yoq, santexnika buyumlari, PVX quvur va fitinglar, gulqog‘oz hamda dekorativ panellar ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi belgilandi.
Mavzuga oid
12:53
Prezident: Energiya tejamkor qurilish materiallariga o‘tish vaqti keldi
12:19
Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatida yangi tizim yaratishni topshirdi
11:45
Prezident: Har bir investitsiya kelishuvi loyiha va yangi ish o‘rniga aylanishi shart
19:57 / 24.06.2026