O‘zbekiston | 16:27
1482
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda suv va oqova suv tizimlarining rekonstruksiyasi boshlandi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatida o‘rganishlar o‘tkazib, viloyat rahbariyati bilan aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalasini muhokama qilgandi. Holat yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tezkor va qat’iy topshirig‘i asosida keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari boshlandi.

Bir necha kun oldin Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatiga tashrif buyurib, viloyati rahbariyati va tuman hokimlari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazgan edi. Xususan, unda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash muhokama qilingan.

Yig‘ilishda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri 1980 yillarda qurilgan magistral suv tarmog‘ini yangilash bo‘lgandi.

G1ToYllX6AK7I9duMnzvwSfFoKdXVMpN

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan Andijon viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha davlat rahbariga batafsil axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tezkor va qat’iy topshiriq berilgan. Bunga asosan bugunning o‘zidayoq hududda keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlariga start berildi.

Xususan, ko‘plab xonadonlar va tashkilotlar ta’minotiga daxldor bo‘lgan Andijon shahrining Boburshoh va Oltinko‘l ko‘chalaridagi magistral suv va oqova tizimlarini qayta qurish uchun 98,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, amaliy ishlarga kirishildi.

222

Buyurtmachi sifatida «Suv ta’minoti va oqava suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» UK Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tanlangan. «FAYZ BINOKOR OLTIARIQ» MChJ esa bosh pudratchi sifatida ish olib bormoqda.

Ayni vaqtda obektda 60 dan ortiq texnikalar va yuzlab ishchilar ishlamoqda. 2 ta asfalt kesuvchi, 40 ta ekskovator, 20 ta yuk mashinalari jalb qilingan va 350 metr yer ishlari amalga oshirildi.

Belgilangan vazifalar ijrosi, mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishi va qurilish ishlarining sifati Prezident Administratsiyasi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Loyihaning amalga oshirilishi aholini barqaror va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid