Jahon | 23:10 / 27.06.2026
1289
2 daqiqa o‘qiladi

UXX Vladimir oblastidagi neft stansiyasiga zarba berilganini ma’lum qildi

Zarba bir necha kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan tasdiqlangan Rossiyaga 40 kunlik “bosim o‘tkazish” operatsiyasi doirasida berildi. 

Foto: delfi.lt

Rossiyaga “bosim o‘tkazish” operatsiyasi doirasida “Vtorovo” neft haydash stansiyasiga dronlar yordamida zarba berildi, deb ma’lum qildi Ukraina xavfsizlik xizmati. Biroq NASA monitoring platformasi obektda yong‘in yuz berganini aniqlamadi.

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) Vladimir oblastidagi “Vtorovo” neft haydash stansiyasiga ushbu oyda ikkinchi marta zarba berganini ma’lum qildi. Zarba bir necha kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan tasdiqlangan Rossiyaga 40 kunlik “bosim o‘tkazish” operatsiyasi doirasida berildi. 

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, dronlar obektning texnik binolariga zarba berishi natijasida portlash sodir bo‘lgan. Qo‘shimcha qilinishicha, "Vtorovo" stansiyasiga birinchi hujum 10 iyun kuni amalga oshirilgan. Stansiya eksport portlari va ichki iste’molchilarga neft yetkazib berishda muhim logistik tugun hisoblanadi. 

Ammo NASA’ga qarashli yong‘inlarni monitoring qiluvchi FIRMS platformasi 27 iyun holatiga "Vtorovo" stansiyasi hududida yong‘inni aniqlamagan. Shu bilan birga, FIRMS jamoasi obektdan 10 km uzoqlikda yong‘in sodir bo‘lganini qayd etgan. 

Ukrainaning Rossiya neft zavodlariga zarbalarni kuchaytirishi oqibatida mamlakatning ko‘plab hududlarida yonilg‘i sotishda cheklovlar joriy etildi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid