Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bu musobaqa men uchun ham katta tajriba bo‘ldi» – Kannavaro
Italiyalik mutaxassis futbolchilarni birinchi bo‘lim uchun maqtagan va ular bilan faxrlanishini bildirgan. Jamoa sardori Eldor Shomurodov esa hisobni saqlashga urinish – murabbiyning ko‘rsatmasi bo‘lmagani, odatda futbolchilarning o‘zi ham bunday holatlarda hisobdan kelib chiqib o‘ynashi, raqib ham bunga majbur qilganini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kongo DR bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘zbekiston jahon chempionati guruh bosqichi 3-turi doirasida kechgan ushbu o‘yinda 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Kannavaro shogirdlari o‘yinning 10-daqiqasidayoq Eldor Shomurodov urgan gol evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi, ammo ikkinchi bo‘limda himoyada yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli uchta gol o‘tkazib yuborildi – 1:3.
Italiyalik mutaxassis futbolchilar o‘yindan oldin to‘psiz o‘ynash qiyin bo‘lishini tushunib turganini aytib o‘tdi.
«Birinchi bo‘limda juda ko‘p energiya sarfladik. Bugungacha bizning jismoniy samaradorligimiz yaxshi edi, bugun ham jismoniy tomondan yaxshi harakatlandik. Raqibimiz ham bu tomonlama yaxshi shakllangan jamoa edi. Biz o‘yindan oldin to‘pni nazorat qilmasak qiyin bo‘lishini bilardik. Ikkinchi bo‘limda xatolar qildik va shu sababli gollar o‘tkazib yubordik», – deya uning so‘zlarini keltirmoqda O‘FA matbuot xizmati.
Kannavaro jamoa birinchi bo‘limni juda yaxshi boshlagani va ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘lgani, ikkinchi bo‘limda esa xatolarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan.
«Bu musobaqa men uchun ham, futbolchilar uchun ham katta tajriba bo‘ldi. O‘ylaymanki bu kelajakda bizga katta motivatsiya beradi.
Albatta, futbolchilar bilan juda ko‘p muloqot qildim. Guruhimizda ham kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashimiz kerakligini bilardik. Lekin ushbu natijadan afsusdamiz.
Ha, biz xatolar qildik. Biroq men futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasman. Ular qo‘lidan kelgan hammasini qildi va men ulardan faxrlanaman», – degan italiyalik mutaxassis.
O‘yindan keyin jamoa hujumchisi va o‘yindagi yagona gol muallifi Eldor Shomurodov ham mikst zonada «O‘zbekiston 24» uchun intervyu bergan. U kichik hisobdagi ustunlikni ushlashga harakat qilish bosh murabbiyning ko‘rsatmasi bo‘lmaganini aytib o‘tgan.
«Fabio Kannavaro emas, bu ko‘proq psixologik tomonlama. Bu narsa futbolchilarning xayolida bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki har doim g‘alaba qozonayotganingda, o‘sha hisobni ushlash uchun harakat qilasan. Shuning uchun buni ko‘proq psixologik omil deb o‘ylayman. Albatta, ikkinchi bo‘limda ham, birinchi bo‘limdagidek o‘ynashda davom etishimiz kerak edi.
Lekin shuni unutmaslik kerakki, Kongo ham jismoniy tomondan ancha kuchli jamoalardan biri. Ular buni oldingi o‘yinlarda ham ko‘rsatishgandi va bugun ularga g‘alaba kerak edi. Ko‘proq himoyalanishimizga ular ham majbur qildi deb o‘ylayman.
Agar shu yerda bo‘ladigan bo‘lsak, albatta darajamiz shu bo‘ladi. Agar undan ko‘prog‘iga loyiq bo‘lganimizda, albatta ko‘prog‘iga erishgan bo‘lardik.
Lekin eng asosiysi, qayerga ishlashimiz kerakligini, qayerga qarab ishlashimiz kerakligini jahon chempionati ko‘rsatib berdi va katta tajriba bo‘ldi. Futbolchilar ham borini berib o‘ynashdi hammasi.
Albatta, bu yerda oson o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Kichik xatolar ham kechirilmaydi. O‘ylashimcha, tajriba yetishmasligi evaziga mana shu joyimizda qolib ketdik», – degan jamoa sardori.
Mavzuga oid
08:08
O‘zbekiston jahon chempionatini tark etdi
07:06 / 27.06.2026
“Ertangi o‘yin osonroq kechadi” – Kongo bilan o‘yin oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
02:41 / 24.06.2026
Fabio Kannavaro va Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi
10:25 / 23.06.2026