Iqtisodiyot | 19:05
1923
4 daqiqa o‘qiladi

“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?

Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy yilda butun respublika miqyosida tatbiq etildi. Unga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar yerining yarmini ixtiyoriy tarzda davlatga topshirsa, qolgan yarmining normativ qiymati 50 foizini to‘lab 49 yilga ijaraga oladi va xohlagan ekinini ekishi mumkin bo‘ladi.

Xo‘sh, bu tizim qanday ishlaydi va fermerlar uchun qanchalik qulay? Kun.uz mavzu yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Ijaraga berilgan yerlarga xizmat ko‘rsatish direksiyasi rahbari Oqilbek Mustafoyev bilan suhbatlashdi.

— 68-sonli farmondagi eng asosiy jihat – paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermerlar yerining 50 foiziga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy voz kechsa, qolgan yerining ijara huquqini “erkin ekish” turiga o‘zgartirishlari mumkin. Bu nimani anglatadi?

— Bu farmon qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga, fermerlarga o‘zi xohlagan ekin turini ekishi, o‘zi erkin shartnomaviy munosabatga kirishining huquqiy asosini yaratib berdi.

O‘tgan yilgi 3 fevraldagi farmonda 20 foizini fermerning o‘zining ixtiyoriga qoldirish, ya’ni yerning normativ qiymati 50 foizini to‘lagan holda qoldirish sharti belgilangan edi. 68-sonli farmon bilan bu 50 foizga ko‘tarildi. Ya’ni 50 foizini o‘z ixtiyori bilan topshiradi, qolgan 50 foizini normativ qiymatining yarmini davlatga to‘lagandan keyin, unga o‘ziga yana qaytadan 49 yilga rasmiylashtirib beriladi.

O‘tgan bir yil davomida, 18-sonli farmon qabul qilingandan keyin, yerga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Fermerga qo‘yiladigan reja, uni nimadir ektirishga majburlash yoki boshqa narsalardan voz kechildi. Bugungi kunda yerni ushbu farmon asosida E-auksion orqali sotib olgan yoki o‘z yerining bir qismidan voz kechgan tadbirkorlar bugungi kunda yerga resurs sifatida, undan foydalanish imkoniyatini kengligi nuqtayi nazaridan qarayapti.

Yangi tartibda tadbirkor o‘zi xohlagan eksportbop, bozorda talab bor mahsulotni yetishtirib, ko‘paytirishiga asosiy e’tibor berilgan. Buning natijasida katta investitsiya kiryapti qishloq xo‘jaligiga, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Va odamlarning dunyoqarashi bugun o‘zgaryapti desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Endi paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar yerining yarmini topshirsa, qolgan yarmiga davlat rejasi asosida paxta yo g‘alla ekishi majburiy emas, to‘g‘rimi?

— Shunday. Hech qanaqa reja qo‘yilmaydi. Faqat ularga asosiy qo‘yilgan talab – yerning bonitetini tushirib yubormaslik, yerdan to‘laqonli foydalanish.

Agar yerga investitsiya kiritib, zamonaviy sug‘orish tizimlarini, bugungi zamon talabiga muvofiq yangi urug‘, yo nav, yo bog‘larni tashkil qilsa, 68-farmon bilan ularga qo‘shimcha ravishda imtiyozlar, ya’ni turli iqtisodiy yordamlar ajratilyapti. Masalan, tomchilatib sug‘orish tizimini qiladigan bo‘lsa, bir gektariga 15-16 million so‘mgacha subsidiya ajratilyapti. Yoki sertifikatlangan zotli ko‘chatlar ekadigan bo‘lsa, uning ham 50 foizi qoplab beriladi. Chorvachilik bilan shug‘ullansa, unda chorvaga alohida... Umuman, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun farmon-qarorlar bilan yangi-yangi yo‘nalishlar ochib berilyapti.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali, Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid