Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
400 kg uran nega 60 foizgacha boyitilgan? Eron elchisining javobi
Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Kun.uz'ga bergan intervyusida G‘arbning Eron yadroviy dasturiga oid asosiy da’volarini rad etdi. U, shuningdek, urush davomida amerikaliklar boyitilgan uran zaxiralarining joylashuvini aniqlashga uringani, lekin buning uddasidan chiqolmaganini aytib o‘tdi.
— Eron AQSh bilan urush davomida boyitilgan uranni qanday saqlab qoldi?
— Trampni urushga undagan asosiy omillardan biri – boyitilgan uran masalasi bo‘yicha shakllangan noto‘g‘ri tasavvurlar edi. Bizning fikrimizcha, Tramp Netanyahu tomonidan berilgan noto‘g‘ri yoki bo‘rttirilgan tasavvurlarga tayanib harakat qilgan. Eron Islom Respublikasining yadro dasturi bir necha muhim xususiyatlarga ega.
Birinchidan, bu – sohadagi bilim va tajriba. Bu bilimni bombalar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Vaqtincha xalaqit berish mumkin, ammo uni butunlay yo‘q qilish imkonsiz. Ikkinchidan, bu tizim markazlashgan emas, ya’ni u bitta joyda jamlanmagan, balki turli hududlarga tarqalgan. Shu sababli uni bitta zarba bilan yo‘q qilishning imkoni yo‘q. Uchinchidan, uranni boyitish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va bir nechta obektlarda olib boriladi. Bu ham uni tezda yo‘q qilish imkoniyatini qiyinlashtiradi.
Keyingi muhim omil – bu sohada ishlayotgan mutaxassislar. Ayrim odamlarni yo‘q qilish mumkin, ammo bu bilimlarga ega minglab mutaxassislarni yo‘q qilib bo‘lmaydi.
Shuningdek, Eronning yadro dasturi harbiy xarakterga ega emas, balki tinchlik maqsadlariga yo‘naltirilgan. U turli sohalarda qo‘llanadi, masalan, farmatsevtika hamda ilmiy tadqiqotlarda. Axir bunday tizimlarni bitta zarba bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Undan tashqari, biz Amerikadek dushman bilan urushayotganimizda boyitilgan uranni bir joyda saqlamaymiz-ku.
Bundan tashqari xavfsizlik, mudofaa va harbiy jihatdan zarur choralar ko‘rilgan. Shu sababli, ayrim obektlarga zarba berilgan bo‘lsa ham, umumiy salohiyat yo‘qolgan deb aytish asossiz. Shunga qaramay, AQSh va Isroil bir nechta zarbalardan so‘ng Eronning yadroviy salohiyati yo‘q qilindi deb da’vo qildi. Agar bu rost bo‘lsa, nega hanuz muzokaralar davom etyapti? Bu esa aslida salohiyat saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Natijada Trampda shakllangan noto‘g‘ri tasavvurlar barham topdi. Bu holat uning uchun siyosiy jihatdan og‘ir bo‘ldi va u keyinchalik shoshmashosharlik bilan qarorlar qabul qildi. Masalan, u boyitilgan uran zaxiralari bor deb hisoblangan joylarga maxsus kuchlar yubordi. Ammo bu harakat natijasiz yakunlandi va 1 milliard dollardan ortiq zarar bilan ortga qaytishga majbur bo‘lindi. AQSh maxsus kuchlari Eronning tuzog‘iga tushib, bir qancha samolyot va harbiy texnikalaridan ajraldi. Bu ham Netanyahu tomonidan Trampga berilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar edi. Oqibatda amerikaliklar yana adashdi.
Bu esa shuni ko‘rsatadiki, masala murakkab va uni oddiy harbiy choralar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Eronning asosiy maqsadi yadro energetikasini faqat tinchlik yo‘lida rivojlantirishdir. Hatto xavfli vaziyatlarda ham harbiy yo‘nalishga o‘tish ko‘zda tutilmagan, chunki bu masalada atom quroliga ega bo‘lish g‘oyasi e’tiqod jihatidan ham qo‘llab-quvvatlanmaydi.
— AQSh uch yarim oylik urush davomida Eronda uranni qidirdimi?
— Amerikaliklar boyitilgan uranning joylashuvini bilamiz deb o‘ylashadi. Shu asosda harbiy operatsiya orqali uni olib chiqib ketishga urinishdi. Ular bu operatsiyani turli bahonalar bilan oqlashga harakat qildi. Hatto bitta uchuvchimiz yo‘qolib qoldi degan da’voni ham ilgari surishdi. Shu bahonalar ortida asl maqsad boyitilgan uranni qo‘lga kiritish edi. Biz esa bunga tayyor edik. Natijada o‘sha joyda ularga qarshi zarur choralar ko‘rdik va ularning ta’zirini berdik.
Shundan so‘ng Tramp ham bu harakat noto‘g‘ri ekanini anglab yetdi. U asta-sekin Netanyahu tomonidan berilgan noto‘g‘ri tasavvurlar asosida qaror qabul qilganini tushuna boshladi. Vaqt o‘tishi bilan u o‘z xatolarini anglab bordi.
Albatta, bunday vaziyatda uning qarorlariga to‘liq ishonch bildirish qiyin, chunki bunday qarorlar ortida sog‘lom tahlil yetishmagani ko‘rinadi. Shunga qaramay, umid qilamizki, u sog‘lom fikrga qaytadi va vaziyatni mantiq asosida baholaydi. Mintaqamizda tinchlik tiklanadi va kelajakda xalqaro masalalar sog‘lom aql va mantiq asosida hal etiladi.
Shuningdek, bu voqealar Tramp va uning jamoasi uchun muhim saboq bo‘ldi deb hisoblaymiz. Umid qilamizki, mintaqa davlatlari ham, butun dunyo ham bundan tegishli xulosa chiqaradi.
— Yuqorida ular uranni qidirdi, lekin qo‘lga kirita olmadi dedingiz. Bu mavzu xorijiy nashrlarda keng yoyildi. Amerikalik harbiyni evakuatsiya qilish uchun kelgan AQSh aviatsiyasi pastlab uchib, uran joylashgani taxmin qilingan joylarni razvedka qilgani haqida yozildi. Sizda bu borada batafsilroq ma’lumotlar bo‘lsa, o‘rtoqlasha olasizmi?
— Kerakli dalillar va faktlar hozir to‘planyapti, chunki bu masala asosan harbiy va xavfsizlik bilan bog‘liq. Shu sababli, bu kabi ma’lumotlar darhol emas, balki ma’lum vaqt o‘tgach keng jamoatchilikka e’lon qilinadi deb o‘ylayman. Ya’ni biz bu yo‘nalishda ish olib boryapmiz. Tegishli hujjatlar va aniq ma’lumotlar qo‘limizga yetib kelishi bilan, albatta, birinchi fursatda sizga taqdim etamiz.
— Agarda Eron yadro quroliga intilmayotgan bo‘lsa, nega Eron 400 kgdan ortiq uranni 60 foizga boyitgan?
— Birinchidan, biz Atom energiyasi xalqar agentligi a’zosi hisoblanamiz. Bu tashkilot doirasida a’zo davlatlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilangan. Asosiy talab shundan iboratki, yadro qurolini yaratishga urinish bo‘lmasligi kerak. Shu sababli, uranni yuqori darajada, ya’ni 90 foizdan ortiq boyitish odatda harbiy maqsadlar bilan bog‘lanadi.
Bu mezonlarni aynan AEXA belgilaydi va baholaydi. Ya’ni qaysi dastur harbiy, qaysisi tinchlik maqsadlariga xizmat qilayotganini aniqlash vakolati ham aynan shu tashkilotga tegishli. Agar AEXA tomonidan Eronning yadro dasturi bo‘yicha chiqarilgan barcha hisobotlarga nazar tashlasak, ularning barchasida bu dastur tinchlik xarakteriga ega ekani tasdiqlangan. Netanyahu esa bundan qariyb 40 yil oldin ham Eron yadro dasturi harbiy maqsadga yo‘naltirilgan degan da’volarni ilgari surgan.
U turli xalqaro maydonlarda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida ham bir necha bor shunday bayonotlar qilgan va har safar yaqin orada Eronda atom bombasi paydo bo‘ladi deb ta’kidlagan. Ammo bu da’volarning barchasi AEXA tomonidan inkor qilingan.
Bundan tashqari, AQSh razvedka hamjamiyatiga kiruvchi bir qator tashkilotlar ham o‘z baholarida Eronning yadro dasturi harbiy emas, balki tinchlik maqsadlariga xizmat qilayotganini qayd etgan. Shunda savol tug‘iladi: nega bunday ayblovlar davom etmoqda? Buning sababi, ayrim davlatlar har bir mamlakatga nisbatan alohida bahonalar ilgari surishidir.
Masalan, Falastin uchun bir sabab, Livan uchun, hatto Turkiya uchun ham boshqa sabab keltiriladi. Xuddi shunday, Eron uchun asosiy bahona sifatida yadro masalasi ko‘rsatiladi. Amalda esa Eron o‘zining yadro faoliyatini AEXA nazorati ostida olib bormoqda. Isroil esa nafaqat mintaqada, balki Yevropa Ittifoqi o‘rnini egallab, AQSh bilan birga dunyoni boshqarmoqchi.
Bizning yadro energetikasi sohamiz faqat ilm o‘rganishga yo‘naltirilgan. Tarixan qaraydigan bo‘lsak, Eronning yadro dasturini boshlash tashabbusi dastlab AQSh tomonidan, shoh davrida ilgari surilgan. Keyinchalik Yevropa davlatlari ham bu jarayonga jalb qilingan. Masalan, Tehrondagi atom reaktori aynan g‘arbliklar tomonidan qurilgan.
Bugungi kunda yadro texnologiyalari turli sohalarda qo‘llanadi. Past darajadagi boyitish energetika uchun, 20 foizgacha bo‘lgan daraja tibbiyot va farmatsevtikada ishlatiladi. 60 foizgacha bo‘lgan darajalar esa fuqarolik kemalarining dvigatellari uchun ishlatiladi.
Shu bilan birga, qaysi dastur harbiy yoki tinchlik maqsadiga xizmat qilayotganini aniqlash vakolati yana AEXAga tegishli. Hozirga qadar AEXA Eronning yadro dasturi harbiy xarakterga ega degan xulosa chiqarmagan.
Umuman olganda, bu yerda asosiy masala faqat yadro texnologiyasi emas, balki ilm-fan va rivojlanish bilan ham bog‘liq. Har bir davlat o‘z salohiyatini oshirishga intiladi. Biroq qaysi davlat rivojlanishni xohlasa, ularning boshini chopishga harakat qilishadi.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
14:37 / 30.06.2026
AQSh-Eron muzokarachilari Dohaga kelyapti: Ho‘rmuz diqqat markazida
08:55 / 29.06.2026
AQSh va Eron yana o‘zaro hujumlarni to‘xtatishga kelishdi
13:06 / 28.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida yana zarbalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi
20:23 / 27.06.2026