Sport | 14:02
5944
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Prezident futbolchilar muhim tajriba orttirgani, aybdorlarni qidirish va ortiqcha his-tuyg‘ular bilan e’tiroz bildirish esa «xalqimizga xos ish emas»ligini ta’kidlagan. Davlat rahbari katta g‘alabalar hali oldinda ekanini aytgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tdi.

«Milliy jamoamizning AQSh va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar orqali o‘ziga tajriba orttirdi, mundial nafasini his qildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi.

Milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda.

Lekin vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim», – dedi prezident.

Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishi ta’kidlandi. Eng avvalo, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi.

Kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi.

«Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!» – dedi prezident.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid