Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Monakodagi portlashda ukrainalik millioner jabrlandi
Monakoda turar joy binolaridan birida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida uch kishi jabrlandi. Fransiyaning AFP agentligi ma’lum qilishicha, jabrlanganlar orasida Monakoda yashovchi ukrainalik millioner Vadim Yermolayev ham bor. Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.
29 iyun kuni kechqurun Monte-Karlodagi Plas-de-Mulen maydoni yaqinida joylashgan turar joy binolaridan birida portlovchi moslama ishga tushgan. Monako hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki nafar katta yoshli inson hayoti uchun xavfli darajada jarohat olgan, 13 yoshli o‘smir esa yengil tan jarohati bilan qutulgan.
Barcha jabrlanuvchilar voqea joyidan taxminan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Fransiyaning Nitssa shahridagi shifoxonalarga olib borilgan.
AFP agentligining tergov organlaridagi manbasi jabrlanganlardan biri Monakoda istiqomat qiluvchi ukrainalik tadbirkor Vadim Yermolayev ekanini bildirgan. Ukraina ommaviy axborot vositalari ham o‘z manbalariga tayanib shu haqda xabar bermoqda. Biroq Monako rasmiylari hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kuzatuv kameralari noma’lum shaxs turar joy binosi vestibyuliga portlovchi moslama joylashtirilgan sumka yoki qutini qoldirganini qayd etgan. Taxminlarga ko‘ra, qurilma bolt va mayda metall bo‘laklari bilan to‘ldirilgan bo‘lgan. Shundan so‘ng gumonlanuvchi piyoda Fransiya tomon qochib ketgan. Huquq-tartibot idoralari Monakodan chiqish yo‘llarini vaqtincha yopgan.
Portlash sababi va uning ortida kim turgani hozircha noma’lum. Knyazlik hukumati rahbari Kristof Mirman dastlab voqeani ehtimoliy terrorchilik harakati deb atagan bo‘lsa, keyinroq bu ta’rifni “qasddan amalga oshirilgan portlash” deb o‘zgartirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Monako tarixidagi birinchi shunday hodisa hisoblanadi.
Qutqaruv ishlariga 50 nafarga yaqin yong‘in xavfsizligi xodimi va 80 nafardan ortiq xavfsizlik xizmati vakillari jalb qilingan. Tergovning dastlabki natijalari 30 iyun kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Forbes Ukraina nashri 2021 yilda Vadim Yermolayevni mamlakatning eng boy 100 kishisi qatoriga kiritib, uning boyligini 220 million dollarga baholagan. U 2019 yilda Ukraina fuqaroligidan voz kechib, Kipr fuqaroligini olgan. 2023 yilda esa Kiyev unga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etgan.