Jahon | 18:39
2841
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zlariga qaytayotgan urush realligi» – Rossiya yana dronlar hujumiga uchradi

Ukraina Rossiyaning ichkarisiga tobora ko‘proq va yirikroq dron hujumlarini amalga oshiryapti. Bu bilan Putinning - Rossiya jamiyatini urushdan uzoqda saqlash imkoniyatlari yo‘qqa chiqarilmoqda.

Foto: Reuters

30 iyunga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya bo‘ylab navbatdagi dronlar hujumini uyushtirdi. Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, ushbu hujumlarda Moskva va Qrimdagilarni hisobga olganda, jami 419 ta dron urib tushirilgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin havo mudofaasi kuchlari poytaxtga yaqinlashayotgan 60 dan ortiq dronni urib tushirgani hamda favqulodda xizmatlar dron qulagan joylarida ishlayotganini ma’lum qildi. U jarohatlanganlar haqida gapirmadi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida poytaxtdan qariyb 96 km janubda joylashgan Yegorevsk shaharchasida 6 oylik chaqaloq halok bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, dron tushishi oqibatida u yerda yong‘in chiqqan. Qutqaruvchilar uyda yashovchilarni olib chiqqan, biroq bola shifoxonaga ketish yo‘lida vafot etgan.

2026-06-30 18.44.12
Foto: Andrey Vorobyov

Hujumlardan so‘ng, Rossiya Federal aviatsiya nazorati organi Moskvaga xizmat ko‘rsatadigan yirik aeroportlarda qisqa muddatli favqulodda cheklovlar joriy qildi. New York Times'ga ko‘ra, bu holat hozirda Rossiya poytaxtida odatiy holga aylangan. «Rosaviatsiya» agentligi Moskvaga xizmat ko‘rsatuvchi to‘rtta xalqaro aeroportdan uchtasi tunda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.

«Rossiyaning o‘ziga qaytayotgan urush haqiqati»

Ukraina rasmiylari ushbu hujumlar borasida darhol ommaviy bayonot bermadi. Zelenskiy dushanba oqshomida – Moskvaga zarba berilishidan oldingi murojaatida Ukrainaning dron hujumlari «urush haqiqatini Rossiyaning o‘ziga qaytarayotganini» aytdi.

Zelenskiy Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, nasos stansiyalari va eksport portlariga qilingan hujumlar neft sanoatiga putur yetkazayotgani qayd etdi.

«Biz tajovuzkor davlat urushni 'qayerdadir uzoqda' ushlab tura olmasligi uchun Ukrainaga kerakli natijalarni ta’minlayapmiz», dedi Zelenskiy.

Umuman olganda Ukrainaning navbatdagi hujumi ham – Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i obektlarini nishonga olgan. Bu kampaniya butun Rossiya bo‘ylab benzin taqchilligi va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlarni davom ettirmoqda.

Jang maydonidagi va ichki vaziyat

Front chiziqlari dronlar bilan to‘lib-toshgan bir paytda, Rossiya Ukraina sharqidagi jang maydonida siljishga erishishda qiyinchilikka duch kelmoqda, deb yozmoqda New York Times.

Bu yerda Kreml Donetsk viloyatining qolgan qismini ham egallashni maqsad qilgan. Shu bilan birga og‘ir janglar bilan kechgan may oyidan keyin Rossiya kuchlari yana sekin-asta oldinga siljiy boshladi. Ular mintaqada qolgan Ukrainaning istehkomlarini tobora ko‘proq bombalamoqda.

Biroq, Ukraina Rossiyaning ichkarisiga tobora yirikroq dron hujumlarini amalga oshiryapti. Bu bilan Putinning Rossiya jamiyatini urushdan uzoqda (ihotalangan) holda saqlash imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqda.

Nashrning yozishicha, Ukrainaning dron ishlab chiqarishi va texnologiyasidagi yutuqlar endilikda Rossiya tomonga kattaroq dronlar to‘dasini yuborish imkonini beradi.

2026-06-30 18.48.30
Moskvaga 18 iyundagi dron hujumi oqibatlari / Foto: AFP

Xususan, Ukrainaning 18 iyundagi dron hujumida Moskva viloyatidagi yirik neftni qayta ishlash zavodi nishonga olingan va poytaxtning to‘rtta aeroporti vaqtincha yopilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi keyinchalik ushbu hujum davomida mamlakat bo‘ylab qariyb 1000 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.

Zelenskiy ushbu hujum Kiyevdagi tarixiy diniy majmuaga berilgan zarbaga javob bo‘lganini aytdi. Rossiya esa majmuaga Ukrainaning adashgan havo mudofaasi raketasi tekkanini da’vo qilgan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu zarbalar kampaniyasini «uzoq masofali sanksiyalar» deb atamoqda. Kiyevga ko‘ra, ularning maqsadi "Putinni urushni tugatishga majburlash".

Putinning munosabati

Ammo Putin o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi. U o‘tgan yakshanba kuni bu masalada gapirib, Ukrainaning harakatlarini – Rossiyani Donbass hududlarni zabt etish maqsadidan qaytara olmasligini ta’kidladi.

Davlat telekanaliga bergan intervyusida u qat’iyat ohangida gapirib, «Donbass va Novorossiyaning uzil-kesil ozod etilishi» yo‘lidan borishini aytdi. «Novorossiya» atamasi Kreml tomonidan 2014 yilda Ukraina sharqi va janubiga bo‘lgan hududiy da’volarni ilgari surish uchun qayta muomalaga kiritilgandi.

2026-06-30 18.48.27

Putin Rossiya infratuzilmasiga qilingan va yoqilg‘i taqchilligiga sabab bo‘layotgan hujumlar «muammolar tug‘dirayotganini» aytdi. Lekin, Rossiyaning zarbalari halokatliroq, bo‘lyapti, dedi:

«Hozirda biz ma’lum bir taqchillikni ko‘ryapmiz, garchi ular o‘ta og‘ir darajada bo‘lmasa ham. Bizning Ukraina hududining ichkarisiga berayotgan javob zarbalarimiz ancha kuchliroq, samaraliroq va ochig‘i, halokatliroq bo‘lib, haqiqatan ham jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda», dedi Putin intervyuda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid