Jahon | 10:55
2606
3 daqiqa o‘qiladi

Sirskiy: Rossiya Chernixiv viloyatiga hujum qilishni rejalashtirmoqda

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning aytishicha, Rossiya armiyasining eng ehtimoliy hujum ssenariysi Bryansk viloyati orqali Chernixiv viloyatiga kirib kelish hisoblanadi. Uning fikricha, bu orqali Moskva Ukraina qo‘shinlarini boshqa yo‘nalishlardan chalg‘itish va front chizig‘ini yanada kengaytirishni ko‘zlamoqda.

Foto: RIA Novosti

Aleksandr Sirskiy bu haqda TSN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘mondonligi Chernixiv viloyati hududiga shimoldan, ya’ni Bryansk viloyati orqali kirib kelish imkoniyatini asosiy ssenariy sifatida ko‘rib chiqmoqda.

«Ularning rejasi Chernixiv viloyati ichkarisiga siljish, shu orqali Ukraina qo‘shinlarining bir qismini ushbu yo‘nalishga jalb qilish, frontni cho‘zish va bizning zaxira kuchlarimizni kamaytirishdan iborat. Bu real ssenariy va biz unga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — dedi Sirskiy.

Shu bilan birga, u Rossiya harbiy rahbariyati Belarus hududi orqali Kiyev tomon yana bir hujum uyushtirish ehtimolini ham o‘rganayotganini ta’kidladi.

«Biz Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bosh shtabga turli hujum ssenariylarini hisoblab chiqish vazifasini qo‘yganini bilamiz. Shuning uchun Belarus orqali hujum variantini ham inobatga olmoqdamiz», — dedi Ukraina bosh qo‘mondoni.

Biroq Sirskiyning ta’kidlashicha, hozircha Belarus hududida Rossiya yoki Belarus qo‘shinlarining yirik miqyosda jamlanayotgani kuzatilmayapti.

Uning fikricha, so‘nggi voqealarni hisobga olganda, Belarus rahbariyati o‘z hududini Rossiya uchun yana bir bor hujum platsdarmi sifatida taqdim etishga jur’at qilmasligi mumkin.

«Bizda yetarli tajriba, tayyorlangan bo‘linmalar va kuchlar mavjud. Bu yo‘nalishdan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi turish imkoniyatimiz bor», — dedi u.

Shuningdek, Sirskiy Ukraina tomoni Belarus hududida Rossiya dronlariga navigatsiya qilishda yordam beradigan retranslyatorlar masalasini ham kuzatayotganini bildirdi. Uning aytishicha, bu qurilmalar hali to‘liq demontaj qilinmagan.

Avvalroq Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya va Ukrainani mamlakatini urushga jalb qilmaslikka chaqirgan edi. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Minskdan Rossiya dronlariga yordam berayotgan texnik vositalarni yetti kun ichida olib tashlashni talab qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid