Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonliklar xorijga investitsiya kiritishi keskin ko‘paydi
Yanvar–mart oylarida O‘zbekiston rezidentlari xorijiy aktivlarga 153,1 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritdi. Bu – o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkich (4,7 mln dollar)dan 33 barobarga ko‘p. Mazkur tarixiy o‘sish – O‘zbekiston rezidentlariga AQShda investitsiya faoliyatini olib borish uchun hukumatdan ruxsat olish tartibi 2026 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilinishi ortidan ro‘y bermoqda.
2026 yil I choragida O‘zbekiston rezidentlarining xorijiy aktivlarga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 153,1 mln dollarni tashkil etdi.
Taqqoslash uchun, 2024 va 2025 yillar I choragida mazkur ko‘rsatkich mos ravishda 3,5 mln va 4,7 mln dollarni tashkil etgan.
Ushbu ma’lumot – Markaziy bank e’lon qilgan to‘lov balansi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, birinchi chorakda norezidentlarning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 702 mln dollarni tashkil qilgan. Bu – 2025 yilning mos davridagi 761,7 mln dollardan kam, ammo 2024 yilning birinchi choragidagi 380,1 mln dollardan yuqori.
Xorijga investitsiya erkinligining kengayishi
O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 11 noyabrdagi “Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Markaziy bankining 16 dekabr kungi qarori bilan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston rezidentlari uchun AQShda ro‘yxatga olingan kompaniyalarga investitsiya kiritishda hukumat ruxsatini olish talabi bekor qilindi.
Ilgari 10 ming dollardan ortiq qiymatdagi investitsiya amaliyotlari uchun ruxsatnoma talab qilinardi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab esa, O‘zbekiston rezidentlari AQShdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ldi:
-
kompaniya tashkil etish (ustav kapitalini shakllantirish), Amerika kompaniyasidagi ulush yoki aksiyalarni sotib olish uchun AQShga pul o‘tkazish;
-
mablag‘larni AQShdagi o‘z filiallarining aylanma kapitalini to‘ldirishga yo‘naltirish;
-
buni istalgan miqdorda, hisobvaraqlardagi o‘z mablag‘laridan kelib chiqib amalga oshirish.
Mazkur erkinliklar faqat AQShga investitsiya faoliyatiga taalluqli edi. Ammo Markaziy bankning 2 iyun kungi qarori bilan, o‘zbekistonliklarning boshqa mamlakatlarga investitsiya kiritish imkoniyatlari ham kengaytirildi.
2026 yil 17 sentabrdan kuchga kiradigan qarorga asosan, jismoniy shaxslar bir kalendar yil davomida 10 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada alohida ruxsat olmagan holda chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi, ya’ni chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishi (kompaniya aksiyasini sotib olishi) mumkin.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalarga bir kalendar yil davomida 200 000 AQSh dollari (davlat ulushi mavjud korxonalarga – 100 000 AQSh dollari) ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi. Gap – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etish haqida ketmoqda.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar 100 000 AQSh dollari (davlat ulushi mavjud korxonalar – 50 000 AQSh dollari) ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet eldagi o‘z filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish huquqiga ega bo‘ladi.
Mavzuga oid
09:15 / 01.07.2026
“Quyoshli xonadon” dasturi inqirozdami?
17:59 / 20.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi
21:24 / 17.06.2026
O‘zbekiston investitsiyaviy salohiyatini izchil oshirib bormoqda - Saida Mirziyoyeva
20:58 / 16.06.2026